Turk dunyosi universitetlari ittifoqi vakillari Samarqandda uchrashdi

Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlari tashkilotining Turk dunyosi universitetlari ittifoqi (TURKUNIB)ning maxsus yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti mezbonlik qildi.

- Turk dunyosi universitetlari ittifoqi kengashi 2013 yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, hozirda uning Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadan 40 dan ortiq a’zosi bor, - dedi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov. - Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga O‘zbekistonning bir qator universitetlari, shu jumladan, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qo‘qon universitetlari a’zo bo‘lgan.

Ushbu muhim voqea Turkiya va boshqa Turkiy davlatlar tashkiloti a’zosi bo‘lgan mamlakatlarning yetakchi universitetlari vakillarini har taraflama fikr almashinuvlar asosida va oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilish yo‘llarini izlash uchun birlashtirdi. Tadbirda akademik hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, tajriba va bilimlarni almashish hamda qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.



- Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga a’zo oliy ta’lim muassasalarida umumiy ta’lim standartlarini ishlab chiqishni maqsad qilganmiz, - dedi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Sa’di Ja’farov. - Yuqori sifatli ta’limni ta’minlash uchun, avvalo, ta’lim standartlarini takomillashtirish zarur. Shuningdek, universitetlar o‘rtasida talabalar almashinuvi, amaliyot dasturlarini yaratish, almashinuv uchun stipendiyalar ajratish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Anjumanda Turkiy davlatlari tashkilotining Turk dunyosi universitetlari ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlash, ta’limni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Turk dunyosi universitetlar ittifoqining navbatdagi yig‘ilishida tashkilotga a’zo davlatlarning 50 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

Xurshida ERNAZAROVA.