Turk qardoshlarimiz Samarqandni ziyorat qildi
2023 yilning fevral oyida Turkiyaning janubida ro‘y bergan zilzila oqibatida falokatdan jabr ko‘rgan oilalarga hamdardlik hamda ularning ko‘ngliga taskin berish maqsadida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida qardosh xalq vakillarining yurtimizga sayohatini tashkil etish tashabbusini bildirgandi.
Ushbu tashabbus asosida shu kunlarda qahramonmarashlik bir guruh fuqarolar yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Dastlab Toshkent va Jizzaxga sayohat qilgan mehmonlar bugun Samarqandga keldi. Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat jamoatchiligi vakillari tomonidan tantanali kutib olingan qardoshlar qadim kentning diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.
Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning o‘n bir viloyatida kuzatilgan vayronagarchiliklar xalqimizni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi, - deydi Turkiya Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi ofat va favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi mas’ul xodimi, delegatsiya rahbari Sezin Tunan. – Bu vaqtda qardoshlar xalqalarning yordami, daldasi bizga o‘ziga xos kuch bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam alohida e’tirof etish joiz. Ularning qidiruv-qutqaruv ishlaridagi ko‘magi tufayli ko‘plab insonlarning hayoti saqlab qolindi. Afsuski, bu mudhish voqealarda ko‘plab insonlar hayotdan ko‘z yumdi. Bugungi delegatsiyamizda zilzila oqibatida yaqin insonlarini yo‘qotgan yurtdoshlarimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilmoqda. Bundan maqsad ularning ko‘nglini ko‘tarish, g‘am-qayg‘usini imkon qadar unitishga yordamlashishdan iborat. Yer yuzining sayqali bo‘lgan qadim Samarqandning aziz qadamjolarini ziyorat qilgan yurtdoshlarimiz ko‘ngli biroz bo‘lsa-da, taskin topdi, deb o‘ylayman.
Sayohat davomida mehmonlar Mirzu Ulug‘bek muzey-majmuasi, Shohi Zinda yodgorligi, Imom Moturidiy ziyoratgohlarida bo‘lib, ilm-fan, islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar hayoti, ijodi, yurtimiz boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishishdi.
- Biz ota yurtimizga tashrif buyurganimizdan mamnunmiz, - deydi Shefiq Qorabosh. – Yurtimiz boshiga tushgan kulfat butun dunyo ahli tomonidan qayg‘u bilan qabul qilindi. Xususan, qardosh xalqlarimiz bu musibatda bizni har jihatdan qo‘llab turdi. Ayni jarayondagi g‘amxo‘rliklar uchun o‘zbek xalqiga, hukumatiga minnatdorlik bildiraman. Albatta, xalqimiz boshiga tushgan kulfat oqibatida o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalar judayam og‘ir ahvolga tushib qoldi. Xususan, o‘zim ham vayronargarchiliklar sabab 20 yoshli o‘g‘limdan ayrildim. Bu musibatni ko‘tarish oson emas. Ammo yaqinlarning daldasi, yolg‘izlatib qo‘ymay ko‘ngil so‘rab turishi bunday vaziyatda kishiga o‘zini tutib olishi uchun kuch beradi. O‘zbekiston hukumati bizga ana shunday jigargo‘shalik yordamini berganligi o‘ksik qalbimizga malham bo‘ldi. O‘zbekiston bo‘ylab davom etayotgan sayohatlarimiz davomida bir qancha diqqatga sazovor joylar, aziz qadamjolarda bo‘lib ruhiy taskin olayapmiz. Ayniqsa, butun dunyo tan olgan aziz avliyolar mangu qo‘nim topgan Samarqand ziyorati bizga o‘zgacha ko‘tarinkilik berdi. Islom olamida alohida o‘rin tutgan Imom Moturidiy maqbarasini ziyoratidan ruhimiz yengil tortdi. E’tibor va g‘amxo‘rlik uchun mingdan-ming rahmat.
Turkiyalik mehmonlar tashrif davomida qadimiy Siyob dehqon bozori, Registon maydonida ham bo‘lishdi.