Turkiston muxtoriyati yetakchilaridan edi
XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston mintaqasidagi jarayonlarda jadidlik harakati muhim ahamiyat kasb etdi va qator ilg‘or g‘oyalar ilgari surildi. Jadidlarning fikriga ko‘ra, xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishning yagona yo‘li ularni ma’rifatli qilish, bu yo‘lda yangicha tuzum va tartiblarni joriy etish, yangi usul maktablarini ochish va insonlarni ilg‘or jahon tajribasidan voqif qilish lozim edi. Shu bois jadidlik harakatining mohiyati millat va jamiyatning tafakkurini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat bo‘lgan.
Jadidlik harakatining yuzaga kelishi va rivojlanish bosqichlarini tahlil qilish uchun o‘sha davrdagi tarixiy jarayonlarga to‘xtalish maqsadga muvofiq. Jadidlik mohiyatiga ko‘ra siyosiy harakat edi. Ular Turkistonni mustamlaka botqog‘idan olib chiqishning eng muhim omili xalqni savodli, ma’rifatli qilish ekanini yaxshi tushunar edi. Shu bois yangi usuldagi maktablar tashkil qilindi. Bu maktablarni o‘sha davrning ilg‘or kishilari, boylar moddiy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatladi. Bunday maktablar Samarqandda dastlab 1893 yilda tashkil etildi. Bu o‘rinda jadidlik harakatining nafaqat Samarqandda, butun Turkiston o‘lkasida yetakchisi bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy yangi usul maktablarini tashkil qilish, ularni zamonaviy darsliklar, dunyoviy ilmlar bilan ham ta’minlash ishiga bosh-qosh bo‘ldi. O‘zi qator darslik va risolalar yaratdi. “1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida uning tashabbusi bilan yangi maktablar ochildi. Behbudiy bu maktablar uchun “Risolai asbobi savod”, “Risolai jug‘rofiyai umroniy”, “Kitobat ul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kabi darslik va risolalar yozdi.
Behbudiyning tashabbusi bilan taraqqiyparvarlarning ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish maqsadida gazeta va jurnallar faoliyat ko‘rsata boshladi. Uning sa’y-harakatlari va muharrirligida 1913 yildan “Samarqand” gazetasi chiqa boshlagan. Unda o‘sha davrning dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalariga e’tibor kuchli edi. Gazetaning 1913 yil 30 iyuldagi sonida turkistonlik yoshlarning og‘ir ijtimoiy ahvoli, bolalarni maktabda o‘qitishning ahamiyati haqida to‘xtalib, bunday deyilgan: “Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosig‘a tobe ekan, bizni ulamo bil’aks avomg‘a tobedur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, o‘ttuz sana so‘ngra yana yomonroq bo‘lur, musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur”.
Behbudiyning bevosita ishtiroki va tashabbusi bilan 1917 yil 16 apreldan boshlab “Hurriyat”, 1918 yildan 1922 yilgacha “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi nashr etilgan va ularda mustaqillik, insonlarni ilm olishga, zamonaviy fikrlashga da’vat etuvchi maqolalar chop qilingan. Uning noshirlik faoliyatida “Oyina” jurnali alohida ahamiyatga ega. 1913 yilning 20 avgustidan chiqa boshlagan bu jurnalda milliy birdamlik, turkiy xalqlarning hamjihatligi kabi masalalar ko‘tarilgan. Millat va uning haq-huquqlari, tarixi, til va adabiyoti masalalari, dunyodagi ahvolga doir maqolalar berib borilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning yurt ozodligi, millat taraqqiyoti yo‘lidagi sa’y-harakatlarini tadqiq etishda uning siyosiy faoliyatini ham inobatga olish lozim. 1917 yildagi fevral inqilobi va Rossiya podshosi Nikolay Romanovning taxtdan ag‘darilishi Turkiston jadidlarini faollashtirib yubordi. “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 13 may sonida Behbudiyning “Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz” nomli murojaati chop etildi. Unda ozodlik, hurriyat haqida quyidagicha fikr bildiriladi: “Hozirda bo‘lsa, Xudoi taolo bizg‘a hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va sa’y etmoqqa yo‘l ochuqdir”.
Behbudiy 72 kun umr ko‘rgan Turkiston muxtoriyatining parlamenti – Milliy Majlis tarkibiga kiritilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda zamonaning eng ilg‘or ziyolilari, taraqqiyparvarlaridan tashkil topgan Turkiston muxtoriyatida bu mas’uliyatli lavozim edi. Biroq juda qisqa muddatda bolsheviklar tomonidan Turkiston muxtoriyati hukumati tarqatib yuborildi.
Turkiston mintaqasida XIX asr oxiri XX asr boshida ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda zamonaviy fikrlaydigan taraqqiyparvarlarning millatni uyg‘otish, mamlakatni taraqqiy ettirish yo‘lidagi mardonavor kurashi jadidlik harakati nomi bilan tarix zarvaraqlaridan joy oldi. Bu bugungi istiqlolimizning ilk nihollari edi.
Gulmamat AHMEDOV,
Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi.