Turkiy tilli mamlakatlar yosh ijodkorlari

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, yoshlar ittifoqi, yosh ijodkorlar kengashi hamkorligida turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va o‘zbekistonlik iqtidorli yosh ijodkorlar ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, O‘zbekiston xalq shoirlari Usmon Azim, Xurshid Davron va boshqalar turkiy tilli mamlakatlar rahbarlari rahnamoligida umumturkiy millatlar adabiyoti, ma’naviyatini rivojlantirish, ijodkorlarni, ayniqsa, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi.

Ijod olamiga endi qadam qo‘ygan kezlarimiz bunday anjumanlarda qatnashganmiz, – deydi Usmon Azim. – Turkiy tilli ijodkorlar yig‘ilgan ushbu yig‘inlarda uyg‘ur, tatar, qozoq yoki qirg‘iz adiblari, shoirlari ijodidan doim boxabar bo‘lib kelganmiz. Orada chorak asr bir-birimizning ijodimizdan bebahra yashadik, o‘z bilganimizcha ijod qildik. Bugun esa nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy sohada, balki ijod olamida ham o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyati yaratilmoqda.

Anjuman doirasida ishtirokchilarning viloyatimizdagi tarixiy-me’moriy obidalar va qadamjolar bo‘ylab sayohati, taniqli o‘zbek ijodkorlari ishtirokida mahorat darslari, joylarda qardosh xalqlar yosh vakillarining ijod namunalari asosida she’riyat kechalari uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

Abdug‘ofur ShERXOLOV.