Oliy o‘quv yurtida grantga o‘tmoqchimisiz?

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10 martdagi 149-sonli qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan grantlarni ikkinchi va undan keyingi kurs talabalari o‘rtasida qayta taqsimlash tartibi joriy etilmoqda. Xususan, endi grantlar har o‘quv yili yakunida bakalavriat yo‘nalishi, ta’lim tili va kurslar bo‘yicha alohida qayta taqsimlanadi. Bu jarayon oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan boshqariladi va to‘liq hamda to‘liq bo‘lmagan grantlar ajratiladi. Grantlarni qayta taqsimlashda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari (GPA) va ijtimoiy faolligi asosiy mezon sifatida olinadi. Bu esa talabalardan nafaqat o‘qishda, balki jamoat ishlarida ham faollikni talab etadi.
To‘liq ta’lim granti o‘quv xarajatlarini davlat byudjetidan to‘liq qoplaydi va talabalar umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadi.
To‘liq bo‘lmagan ta’lim granti to‘lov-kontrakt summasining 50 foizini qoplaydi va bunda umumiy tartibdagi stipendiya berilmaydi.
Qo‘shimcha davlat granti esa GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun taqdim etiladi. Bunda o‘qitish xarajati davlat byudjetidan to‘liq qoplab beriladi va talaba umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadi.
Oliy ta’lim tashkiloti granti moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lgan muassasalar tomonidan GPA 3,3 dan 4 gacha bo‘lgan talabalarga beriladi, bu esa to‘lov-kontrakt summasining 20-80 foizini qoplash imkonini beradi.
Umumiy holatda grantlarga da’vogarlik qilish uchun talabalar GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi kerak. Akademik muvaffaqiyat 80 ballik mezonda, ijtimoiy faollik esa 20 ballik mezonda baholanadi. Ijtimoiy faollikni baholashda kitobxonlik madaniyati, “5 muhim tashabbus” doirasidagi tadbirlarda ishtirok, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda qatnashish, volontyorlik va jamoat ishlaridagi faollik kabi bir qator mezonlar qo‘llaniladi.
Muhim jihat: talabalarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi hamda ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiyaga hujjat topshirish muddatlari oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Biroq, har yili 1 avgustga qadar talabgorni baholash natijalari maxsus komissiyaga taqdim etilishi hamda yakuniy natijalar, ya’ni ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida har yili 25 avgustga qadar e’lon qilinishi lozim.