Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

Anqara shahrida Turkiya madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Nadir Alpaslan va O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalamovlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Turkiya – o‘zlarining boy tarixi, madaniy yutuqlari va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan ajralib turuvchi ikki do‘stona davlat. Ikki tomonlama munosabatlar nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki turizm yo‘nalishida ham izchil ravnaq topmoqda.
Uchrashuvda Nadir Alpaslan turizm bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasidagi muloqot, madaniyatlar yaqinlashuvi va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlovchi muhim vositaga aylanganligini, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasidagi yaqin hamkorlik ana shu maqsadlarga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Turkiya O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi mavjud xalqaro tajribalarini almashishga hamda mavjud to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlardan unumli foydalangan holda ziyorat turizmi, etnoturizm va gastronomik turizm yo‘nalishlarida yangi turistik yo‘nalishlar ishlab chiqishga hamda kelgusida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.