Turkiyadan nimalarni o‘rganish mumkin?
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubi a’zolari joriy yilning 25 sentyabr – 2 oktyabr kunlari Turkiya Respublikasining davlat boshqaruvi sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish maqsadida Anqara shahri va Nevshehir viloyatida bo‘ldik.
Yosh davlat xizmatchilarining bilim va kasbiy kompetensiyalarini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotda joriy qilishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan safar davomida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi rahbari Salim Atay, bir qator vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari bilan uchrashdik.
Tashrif dasturi doirasida turli yo‘nalishlarda Turkiya tajribasi o‘rganildi. Jumladan, Inson resurslari ofisi tomonidan amalga oshirilayotgan “Qobiliyatlar xaritasi” platformasi loyihasi “To‘g‘ri xizmat qiladigan to‘g‘ri davlat xizmatchilari” tamoyili asosida Turkiya Respublikasining 81 ta viloyati va 922 ta tumanlarida joriy qilingan. Unda 8 million talaba haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib borish, ular bilan doimiy aloqada bo‘lish mumkin.
Bugungi kunda Turkiyadagi 204 ta davlat oliy ta’lim muassasasida “Karera markaz”lari tashkil etilgan. Karera markazlarida 900 nafar xodim talabalardagi qobiliyatni aniqlab, o‘qish mobaynidagi ko‘rsatkichlarini monitoring qilib boradi va iste’dodli yoshlarning davlat xizmati va xususiy sektorda ish bilan ta’minlanishiga yordam beradi. Respublika bo‘ylab vakant lavozimlar “Qobiliyatlar eshigi” platformasiga kiritib boriladi. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘qish davomida stajirovka qilish imkoniyati yaratilgan. Stajirovkada eng kam oylik ish haqi miqdori beriladi hamda amaliyotni muvaffaqiyatli tamomlaganlar ishga qabul qilinadi.
Nevshehirda bo‘lganimizda mazkur viloyatning turistik imkoniyatlari juda yuqoriligiga guvoh bo‘ldi. Viloyat aholisi 327 ming nafarni tashkil qilsa-da hududga keladigan bir yillik turistlar oqimi 4 million nafardan ortiq ekanligi e’tiborimizni tortdi. Ularga 664 ta mehmonxona xizmat ko‘rsatadi.
Aytishlaricha, Turkiyada uch yil oldin bir turistning kunlik xarajati o‘rtacha 47 AQSh dollarini tashkil qilgan. Turistlar uchun xizmatlarning yaxshilanishi va boshqa ommillar sabab bugun bu raqam 85 AQSh dollarini tashkil qilar ekan.
Guvohi bo‘lganlarimiz asosida Turkiya Respublikasida davlat xizmati tizimining ijobiy natijalarini yurtimizda joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, respublika darajasida hamda hududlar doirasida amalga oshirish yuzasidan yo‘l xaritasi shakllantirdik.
Sheroz Abduvaliyev,
Samarqand “Kelajak liderlari” klubi rahbari.