Turkiyalik jurnalistlar Samarqandda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvga ko‘ra, turkiyalik bir guruh jurnalistlarning yurtimizga sayohati uyushtirildi.
28 noyabr kuni tongda "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining yaqinda yo‘lga qo‘yilgan "Samarqand – Istanbul – Samarqand" yo‘nalishi bo‘yicha Turkiyadan kelgan mehmonlar Samarqand xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Voseyev va Samarqand shahar hokimi F.Rahimov mehmonlarni qutlab, mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar qatori turizm yo‘nalishida ham hamkorlik munosabatlari rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Sayohat dasturiga ko‘ra, mehmonlar dunyoga mashhur Registon maydonida bo‘lib, ajdodlarimizning yuksak aql-zakovatidan dalolat beruvchi Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarini hayrat bilan tomosha qildi. Bu yerda namoyish etilgan milliy hunarmadchilik mahsulotlari ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu safardan juda ham xursandmiz, – deydi Turkiyaning "Anadolu" axborot agentligi Istanbul bo‘limi boshlig‘i Huseyn Oltinolar. – Bizni Samarqandda yuksak hurmat-ehtirom bilan kutib olishdi. Bu shahardagi tarixiy obidalar haqiqatan ham juda hayratlanarli va mo‘’jizaviy ekan. Turkiyada O‘zbekiston haqida bilishadi, lekin bu yurtni ko‘rish, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishning zavqi boshqacha ekan. Men o‘z yurtimga borgach, O‘zbekiston, uning go‘zal shahri Samarqand haqida albatta maqolalar yozaman.
Turkiyalik ijodkorlar Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda va Imom Moturidiy majmualarini ziyorat qilib, mamlakatimizda buyuk allomalar, tarixiy shaxslar nomi bilan bog‘liq maskanlarni obod etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– O‘zbekistonni ota yurtimiz deb bilamiz va bu zaminda bo‘lish biz uchun yuksak sharaf, – deydi "Yeni birlik" gazetasi muxbiri Musa Ali Og‘lu. – Bizni qardoshlardek kutib olishgani va yuksak mehmondo‘stlik ko‘rsatilayotgani bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shmoqda. O‘zbekistonga ushbu sayohatimiz keyingi paytda davlatlarimiz o‘rtasida yangi bosqichda yo‘lga qo‘yilgan do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Bugun Samarqand shahrida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan turkiyalik va mahalliy jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
F.HASANOV, A.ISROILOV (foto).