Turli millatdanmiz, lekin o‘zbekistonlikmiz!

O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi bu davlatimizning boyligi va kuchidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tinch-totuv hayoti ta’minlanmoqda va har birimiz yurt taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. Milliy-madaniy markazlar, jumladan, Ozarbayjon milliy madaniy markazi va uning Samarqand viloyati bo‘limi bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.

Bugun mamlakatimizda ozar millatiga mansub 60 mingdan ziyod fuqaro tinch-totuv, xotirjamlikda umrguzaronlik qilmoqda. Ularning to‘rt ming nafari Samarqand viloyatida yashaydi. Samarqandda milliy madaniy markazlar uchun “Do‘stlik uyi” faoliyat yuritmoqda. Turli bayramlarni birgalikda nishonlayapmiz, milliy qadriyatlarimizni davom ettiryapmiz. 

Bizning filial faoliyati ozarbayjon xalqining madaniy merosini asrash va rivojlantirish, shuningdek, millatlararo muloqotni ilgari surish, o‘sib kelayotgan avlodni O‘zbekistonda yashayotgan barcha xalqlarning urf-odatlariga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Biz madaniy-ma’rifiy tadbirlar, yoshlar forumlari, muloqot maydonlari tashkil etamiz, bu esa insonlar o‘rtasida yaqinlik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yaxshi bilamiz, bugungi kunda hatto sanoqli millatlar yashaydigan davlatlarda ham turli kelishmovchilik, o‘zaro nizolar kelib chiqmoqda. Bu esa odamlarning tinch-totuv hayoti uchun xavf tug‘diradi. O‘zbekistonda esa nafaqat hukumat siyosatida, balki aholining o‘zida ham millatlararo bag‘rikenglikni ko‘rish mumkin. O‘zbekistonimiz turli millat vakillarining birgalikdagi hayoti va faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan davlat sifatida dunyoga namuna bo‘la oladi.

Ramal Mirzoyev,

Ozarbayjon milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi rahbari.