Turli pishiriqlar ichidan noma’lum tarkibli tabletkalar chiqayotganligi to‘g‘rimi?
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ishlab chiqarilgan, manzili aniq bo‘lmagan keks yoki shunga o‘xshash shirin pishiriqlar ichidan noma’lum tarkibli tabletkalar chiqayotganligi, uni iste’mol qilganlarda falajlik holatlari kelib chiqayotganligi to‘g‘risida asoslanmagan videoxabarlar tarqalmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan bu kabi asoslanmagan xabarlarga ishonmasliklarini, bu borada umuman xavotirga o‘rin yo‘qligini alohida ta’kidlagan.
– Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yoki xorijdan respublika hududiga olib kiriladigan har qanday turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, keks va shunga o‘xshash shirin pishiriqlarning xavfsizligini kafolatlash uchun, mahsulot olib kelgan tadbirkor murajaatiga asosan sanitariya vrachi joyiga chiqib, mahsulot sifati, uni saqlash sharoiti, olib kelingan avtotransport holatini to‘liq o‘rganadi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – Mahsulotdan sanitariya-kimyoviy, mikrobiologik, radiologik tekshiruvlar uchun namunalar olinib, tegishli laboratoriyalarga topshiriladi. Tahlil natijalari amaldagi sanitariya me’yor va qoidalarga to‘liq javob bergan taqdirda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirilib, mahsulotning xavfsizligini kafolatlaydi.
Alohida ta’kidlash joizki, 2019 yil 15 noyabr holatiga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi shifoxonalarga yuqoridagi kabi mahsulotlar bilan zaharlanish yoki kasallik alomatlari bilan aholi tomonidan hech qanday murojaatlar bo‘lmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga ham ma’lumotlar kelib tushmagan.
Shuningdek, vazirlik bunday asoslanmagan xabarlarga ishonib, sarosimaga tushmaslikni, shunday holatlarni eshitsangiz yoki guvohi bo‘lsangiz zudlik bilan hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga hamda 71 276-59-28 raqamli ishonch telefoni orqali Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga murojaat qilishingizni so‘ragan.