Turmush chorrahalarida: Saboq

Mansur To‘rabek bilan necha yillardan beri mo‘may daromad ilinjida chetda sarson-sargardon. Eh-he, qanaqa ishlarni bajarishmadi, ne-ne azob-uqubatlarni ko‘rmadi, deysiz?

 Ammo “Qayerni qilma orzu, bordir toshu tarozu”, deganlari rost ekan. Biri ikki bo‘lmadi. Pulni xazonday supurib olamiz, degan xayollari puch bo‘lib chiqdi.

Mansur behuda o‘tgan umrini xayolidan o‘tkazar ekan, uyqusi qochdi. “Uzoqdagi dondan yaqindagi somon yaxshi”, deyishadi. Qishloqqa qaytib, biror ishning boshidan tutsammikan? To‘rabek ikki yil oldin kasal orttirib, qishloqqa qaytuvdi. Sog‘ayib ketdimikan? Nima ish qilyapti ekan?..

Mansur oxirgi marta uch yil oldin kelib ketgandi. Yuragini yurt, oila, bolalar sog‘inchi o‘rtadi: “Borib kelmasam bo‘lmaydi!”.

Mansur bu gal qishloqqa kelgach, hol-ahvol so‘ray deb qadrdoni To‘rabekni yo‘qlab bordi. Do‘sti uyda ekan, quchoq ochib kutib oldi.

- Sog‘ayib ketdingmi, jo‘ra? - Mansur zimdan To‘rabekka razm soldi. Kayfiyati chog‘, ko‘zlari turmushdan mamnunlikdan chaqnaydi. Ikki yil avval o‘pkasi shamollab, qishloqqa qaytgan xasta yigitga aslo o‘xshamaydi.

- Rahmat, jo‘ra, o‘zing qalay, musofirchilikda «it yotish mirza turish» qilib yuribsanmi? - hazillashdi To‘rabek Mansurni quchib. – Qani, ichkariga kiraylik, - To‘rabek mehmonni uyiga boshladi.

- Uh-hu, ish zo‘r-ku, issiqxona qurdingmi?

- Ha, jo‘ra, issiqxona qurdim, kirib ko‘rasanmi, marhamat!

Mansur qish bo‘lishiga qaramay, g‘arq pishgan pomidor, bodringlarni ko‘rib, angrayib qoldi: “Nahotki To‘rabek shu ishning uddasidan chiqqan bo‘lsa?!”.

- Ey, jo‘ra, xazina oyog‘imiz ostida ekan-ku, chet ellarda qidirib, uloqib yurgan ekanmiz. Davlatimizga rahmat, ishlayman degan odamlarga hamma sharoit yaratib berilyapti. Kredit kerakmi, ko‘chat kerakmi, muhayyo. Mahallaga murojaat qilgandim, kredit ajratishdi, issiqxona qurishni maslahat berishdi. Bola-chaqa bilan ishga kirishdik. O‘tgan yiliyoq ilk daromaddan mashina oldim. Bu yil nasib etsa, kelin tushirib, o‘g‘ilning kontraktiga to‘laymiz. Xo‘sh, o‘zing qalaysan, qishloqqa qaytish niyating yo‘qmi?

- Hozircha bir qarorga kelganim yo‘q, qaytsam ish topamanmi, yo‘qmi? - Mansur xo‘rsindi.

- Topasan, jo‘ra, topasan, mana, men yordam beraman! Istasang, hozir mahallaga boramiz. Xohlasang, parrandachilikka, xohlasang, chorvachilikka, xohlasang, issiqxonaga kredit olib berishadi.

- Yo‘g‘-e, rostdanmi? - Mansur ishonqiramay so‘radi.

- Rost! Ketdikmi?

- Ketdik! - ko‘p yillardan buyon o‘zga yurtda kosasi oqarmagan Mansur xursand bo‘lib, To‘rabekka ergashdi.

Tog‘aymurod Shomurodov.