Turmush chorrahalarida: Vasvasa

Mahliyo alahsirab, qattiq qo‘rquvdan uyg‘onib ketdi.  Negadir boshi lo‘qillab og‘rir, sochlari jiqqa ho‘l. Tunda yopinib yotgan choyshabi g‘ijim bo‘lib ketgan, yostig‘i karavotidan tushib, yerda yotardi.

 U ohista o‘rnidan turdi-da, deraza pardasini ochdi. Oftob allaqachon nayza bo‘yi ko‘tarilib, atrof yorishib ketgan. Mahliyo odatda uyqudan bunchalik kech turmasdi. Doim barvaqt turar, hovlida supur-sidirni boshlaganida masjiddan azon eshitilardi. Bugun choshgohgacha uxlab qolibdi.

Kechagi voqealar Mahliyoning xotirasida jonlana boshladi.

U o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi. Qaydandir arqon topdi, uyda hamma uxlaganiga ishonch hosil qilgach, hovli to‘ridagi ayvon sari bordi. Kutilmaganda qorong‘ida yo‘lakda unutib qoldirilgan chelakka oyog‘i urilib, jaranglatib yubordi. Shovqindan tashqarida so‘rida yotgan otasi uyg‘onib, mushukni haydagandek:

- Pisht! - deb ovoz chiqardi uyqu aralash.

Mahliyoning rejasi barbod bo‘ldi. U turgan joyida bir pas to‘xtab, arqonni uloqtirdi-da, oyoq uchida yurib, yana yotoqxonasiga qaytdi.

...Yaxshiyam chelakka surinib ketibman, dedi u ichida. Bo‘lmasa, kecha achchiq ustida. Hozir hovlimizda yig‘i-sig‘i avjga chiqib, odam to‘planardi. Otam, onamning holi ne kechardi? Qishloqda falonchining qizi o‘z joniga qasd qilibdi, degan sovuq xabar tarqalib ketardi-ya. Qanday sharmandalik!..

Mahliyo ko‘zgu yoniga bordi. Qovoqlari shishib ketibdi. Ko‘z qorachig‘i atroflari qizargan. Sochlari to‘zg‘ib yotibdi. U aft-angorini hech qachon bunday so‘lg‘in ko‘rmagan.

Yana xayolidan kechagi voqealar bir-bir o‘ta boshladi.

Ertalab kollejga o‘qishga bordi. Tanaffusda yana o‘sha tanish nigohga duch keldi. Akram Soliyevich Mahliyoning salomiga alik olib, yengil va samimiy bosh irg‘ab, o‘tib ketdi. Mahliyo uni xonasiga kirib ketgunicha nigohlari bilan o‘g‘rincha kuzatib qoldi.

Mahliyo o‘qituvchisi Akram Soliyevichni sevib qolgan. Faqat u haqida o‘ylagani o‘ylagan. Yotsayam, tursayam, uydayam, ko‘chadayam xayoli unda. Ha, o‘qituvchining oilasi, farzandlari borligini biladi. Bu his-tuyg‘ulari uni oxiri voy ko‘chaga boshlayotganini ham tushunadi. Ammo u qanchalik bu to‘g‘rida o‘ylamasin, befoyda. Muhabbati kun sayin alanga olib, aql-hushi tamomila jilovidan chiqib borardi.

U o‘qituvchisining e’tiborini tortish uchun nimalar qilmadi. O‘ziga boshqacha oro berdi. Har kuni ko‘zga tashlanadigan bichimlarda yangi liboslar kiydi. Bu boshqa ko‘p yigitlarning diqqatini tortdi-yu, ammo o‘qituvchisini rom etolmadi. Akram Soliyevich har safar Mahliyoning yonidan o‘qituvchilarga xos odob va tavoze bilan o‘tar, uni kutib, o‘ziga qadalib turgan umidli nigohga sovuqqina qarab, beparvo burilib ketardi.

Mahliyo kecha anchadan buyon o‘ylab, ko‘nglida obdon pishitib yurgan rejasini amalga oshirishga chog‘landi. U qizlik or-nomusini ham, g‘ururini ham unutib, Akram Soliyevichning telefoniga SMS yozdi. Unga sevgi izhor qildi, istirohat bog‘ining xilvatroq joyiga taklif qildi.

Mahliyo ko‘zgu yonida turib, o‘ziga avvalgidan ham ziyod oro berdi. Baxmalday quyuk, qalin sochlarini sharsharaday yelkasiga tashlab, guldor koftasini kiydi. So‘ng o‘zi uchrashuv tayin etgan joyga borib, shu yaqindagi o‘tirg‘ichga o‘tirdi. Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmaydi, bir payt:

- Nodirova, yaxshimisiz? – degan ovoz eshitildi. Bu Akrom Soliyevich edi.

Mahliyoga qo‘l uzatib, salomlashdi, ammo o‘tirmadi.

- Mahliyoxon, - dedi u yon-atrofga ehtiyotkor nazar tashlab. - Bilasiz, men oilaliman, ikki nafar farzandim bor, yangangizni ham tanisangiz kerak.

Akram Soliyev bir zumlik sukunatdan so‘ng qo‘l soatiga shoshilinch bir qarab olib, so‘zini mehribonlik bilan davom ettirdi:

 - Tuyg‘ularingizni qadrlayman. Men ham sizning yoshingizda shunday hislarni boshdan kechirganman. Sizni tushunaman. Keling, aka-singil yoki do‘st bo‘lib qolaylik. Faqat iltimos, va’da bering, boshqa menga bunday xat yozmaysiz, xo‘p.

Mahliyo o‘qituvchisining yuziga hatto qaray olmadi, so‘zlariga javob ham qaytarmadi. U uyatdan qizardi, ilk muhabbati javobsiz qolganidan, hamiyati toptalganidan o‘tirgan ko‘yi haykalday qotib qoldi. Bir ahvolda sudralib uyga keldi. O‘zini karavotiga otdi. Uning uchun go‘yo hayot tugagan, dunyo zimistonga aylangandi...

Yarim tunmi yoki tong mahalmi, bilmaydi. O‘rnidan turdi va bir shum niyat uchun hovliga chiqdi…

...Mahliyo kecha sodir bo‘lgan voqealarni eslab, qo‘rqib ketdi. Xayriyat, dedi u xayolan. Chelakka turtinib ketibman, otam uyg‘onib qolibdi. Aks holda...

Tashqaridan onasining tovushi eshitildi:

- Mohi, tur, tayyorgarlik ko‘raylik. Bugun sovchilar kelarmish, qizim.

 Gulbahor Jumanazarova,

 Paxtachi tumani.