Tursunov ko‘chasini kovlagan, ammo asfalt qilishni xohlamayotgan “erkatoy”lar kim?
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari A.Shukurov, Samarqand shahar hokimining o‘rinbosarlari A.Egamov hamda R.Olimov e’tiboriga! R.Olimovlar e’tiboriga!
O‘tgan yili viloyat Matbuot uyi joylashgan Samarqand shahridagi Ulug‘ Tursunov ko‘chasidan tabiiy gaz tarmog‘i tortildi. «Hududgaz Samarqand» MChJ buyurtmasiga asosan amalga oshirilgan kovlash va montaj ishlari 10-15 kun davom etdi. Gazchilar tayyor asfalt qilingan yo‘lni kovladi, ammo ko‘chani tartibga keltirib, asfalt qilish eslaridan chiqdi.
Yog‘ingarchilik kunlari bu yerdan o‘tib bo‘lmay qoladi. Chunki ko‘chaning 100 metrdan ziyod qismi hamon o‘ydim-chuqurligicha qolib ketdi. Bir necha bor viloyat hokimi o‘rinbosari A.Shukurovga, shahar hokimligiga qilingan murojaatlar e’tiborsiz qolmoqda. Yog‘ingarchilik kunlari viloyat statistika boshqarmasi, viloyat Matbuot uyi xodimlari, Ko‘ksaroy mahallasining 3,5 ming aholisi uchun mazkur ko‘chadan o‘tish azob bo‘lib qoldi. O‘nlab mashinalarning tirbandlik hosil qilganligidan maktab o‘quvchilari, keksa va nogironlarning o‘tishi qiyin bo‘layotir.
Samarqand shahar hokimining birinchi o‘rinbosari A.Egamov kunlar isishi bilan yo‘lni ta’mirlab berishni va’da qilgan edi. Ammo bu gap ham va’daligicha qoldi. Balki, tabiiy gaz tarmoqlarini tortib, asfalt qilishga ajratilgan mablag‘ «tuya» bo‘lib ketgardir...
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasi. Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish:
- yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish;
- yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan, yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish;
- avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik;
- yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.