Ulug‘ Tursunov ko‘chasidan kim o‘tmoqchi bo‘lsa, yo‘l asfalt bo‘larkan-a?..
Saytimiz va telegram kanalimizda 7 noyabr kuni “Bizning ko‘chaga ham hokimlar kelarmikan?”, 11 noyabr kuni esa “Ertaga Ulug‘ Tursunov ko‘chasidan hokim o‘rinbosari o‘tadi” sarlavhali materialarni berib, Samarqand shahar Ulug‘ Tursunov ko‘chasida yangi gaz tarmog‘i tortish uchun yo‘l qazilgani, ammo oradan bir oy vaqt o‘tsa-da, yo‘lning ushbu qismi ta’mirlanmayotgani haqida yozgan edik.
Bu haqda matbuot anjumani paytida viloyat hokimi o‘rinbosari A.Shukurovga ham savol bergandik. Hokim o‘rinbosari esa ushbu yo‘nalishda gaz tarmog‘ini tortish ishlari yakunlangach, yo‘lning buzilgan qismi asfalt qilinishini ma’lum qilgandi.
Afsuski, oradan qariyb ikki oy o‘tdi hamki, ushbu yo‘nalishda tarmoqni tortish ishlari yakunlanmadi shekilli, asfaltdan ham darak bo‘lmayapti. Yo‘lning kovlangan qismi yaroqsiz bo‘lishi barobarida endi boshqa tomonlari ham shu holatga tushmoqda.
Ko‘ksaroy mahallasi aholisi, bu ko‘chadan o‘tib-qaytayotganlar yo‘lning ta’mirlanishini yana qancha kutadi?
Darvoqe, shu paytgacha viloyat matbuot uyida viloyat hokimi o‘rinbosarlari va yana boshqa ko‘p rahbarlar ishtirokida matbuot anjumanlari o‘tkazildi. Ular ham shu nosoz yo‘ldan o‘tishdi. Lekin yo‘l asfalt bo‘lmadi. Bu ko‘chadan endi kim o‘tsa, yo‘l ta’mirlanar ekan-a?