“Tushovlangan” tibbiyot. Yoxud Kattaqo‘rg‘on tibbiyot birlashmasidagi nosog‘lom muhitga qachon barham beriladi?
Biron joyimiz og‘rib ozgina bezovta bo‘lsak darhol shifokorning maslahatiga shoshamiz. Shu boisdan ham xalqimiz tibbiyot xodimlarini, salomatlik posbonlari, deya e’zozlaydi. Inson salomatligini asrashdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan soha xodimlari haqida gap ketar ekan, avvalo tibbiyot muassasalaridagi shart-sharoit va muhit bevosita o‘zining ijobiy yoki salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Bir necha oylardan buyon o‘z holiga tashlab qo‘yilgan Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi tizimidagi vaziyat aholining ham soha xodimlarining ham haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli tumanda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi yaxshilandi. Markaziy poliklinikaning yangi binoga ko‘chirilishi, bir nechta bo‘lim binolarining yangidan qurilib ishga tushirilishi aholi uchun qulayliklar yaratdi. Onalar va bolalar, aholining reproduktiv salomatligini yanada yaxshilash, tibbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining ish samaradorligi yuksaldi. Patronaj tibbiyot hamshiralari xizmat sifati, akusher-ginekolog va bolalar shifokorlari malakasi oshirildi. Qishloq aholisini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yaxshilandi. Albatta bularning barchasini zamirida mamlakatimiz tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar samarasi mujassam.
Ammo so‘ngi paytlarda tuman tibbiyot birlashmasi tizimida yuzaga kelgan nosog‘lom muhit amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlarga soya solmoqda. Keyingi olti oyliklar davomida sohada boshqaruv tizimidagi ishga qo‘nimsizlik, o‘zbo‘larchilik kayfiyati vaziyatni yanada taranglashtirmoqda. Birlashma faoliyati bilan yaqindan tanishsangiz, tizimda qandaydir uzviy bog‘liklik, hamjihatlik yo‘qligiga amin bo‘lasiz. Har kim o‘zicha ish olib borayotganga o‘xshaydi. Shifoxonaga biror ish bilan borguday bo‘lsangiz kimga murojaat qilishni bilmaysiz. Muammoni hal etishdan hamma o‘zini olib qochadi.
Yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritish, soha istiqboliga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish ishlarimiz ko‘plab muammolarni yechimini ko‘rsatdi. Ayni paytda birlashmaga rahbarlik qilib kelayotgan Olim Xo‘jamberdiyev tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar jamoa o‘rtasida tez-tez o‘zaro ichki nizolarni keltirib chiqarayotgani ham ayni haqiqat. Aksariyat hollarda birlashma boshlig‘i o‘z fikrida qolib boshqalarning g‘ashiga tegmoqda.
- To‘g‘risi, “yeb ketdi, ichib ketdi” degan gap-so‘zlardan hamma charchab ketdi, - deydi ko‘p yillardan buyon sohada fidoiylik bilan mehnat qilib kelayotgan (shaxsini sir tutishni iltimos qilgan) taniqli shifokorlardan biri. – Shifoxona do‘xtirlari davlatni pulini o‘zlashtirib yuborishibdi, degan mish-mishlar jonimizga tegdi. O‘z ishimiz qolib mana olti oydan oshayapti hamki bosh shifokor O.Xo‘jamberdiyevning yo‘l qo‘ygan xatolari sabab hali tergov idoralariga, hali sudga qatnaymiz. Axir insonni asabi temirdan emasku! Buyoqda bemorlarni davolaylikmi yoki rahbar tomonidin sodir etilgan qonunbuzilishlarga izoh beraylikmi?! Albatta har kim o‘z qilmishi uchun javob beradi. Ammo tibbiyot rivojiga “tushov” bo‘layotgan muammolarga yechim topish na sog‘likni saqlash boshqarmasi, na vazirlikni tashvishga solmayotgani kishini taajjubga soladi. Eshitishimizcha tuman hokimligidagi mutasaddilar yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish yuzasidan bir necha marotaba viloyat sog‘likni saqlash boshqarmasiga murojaat qilgan. Afsuski, natija yo‘q. Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, shu kayfiyat bilan sizdan shifo izlab kelgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib bo‘ladimi?!
Aksariyat xodimlar bilan suhbatlashar ekanmiz, tizimda yuzaga kelgan nosog‘lom vaziyatdan norizo. Bunga xolis baho beradigan, kerak bo‘lganda zarur chora-tadbirlar ko‘radigan sog‘likni saqlash vazirligi esa, tomoshabin!
Xo‘sh, tizimda o‘zi nima gaplar, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan sohada ulkan islohotlar olib borilayotgan bir paytda Kattaqo‘rg‘on tibbiyot birlashmasida qanday vaziyat yuzaga kelgan dersiz?
Samarqand viloyat prokuraturasining Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi faoliyatini o‘rganish jarayonida aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha 25 avgust 2019 yilda sog‘likni saqlash boshqarmasi rahbariyatiga kiritgan taqdimnomasiga asoslanadigan bo‘lsak, bu gapda ham jon borga o‘xshaydi. Chunki, taqdimnomada ko‘rsatilishicha tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi O.Xo‘jamberdiyev tomonidan o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlab, o‘zlashtirish yoki rastarata yo‘li bilan davlat byudjeti mablag‘lari talon-taroj qilingani aytiladi.
Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasini moddiy rag‘batlantirish komissiyasining qarori bilan birgina 2018 yil davomida 187 nafar tibbiyot xodimlariga 194 holatda jami 104 million 502 ming so‘m mablag‘larini asossiz ravishda xodimlarning plastik kartochkalariga o‘tkazib, byudjet mablag‘lari talon-tarojligiga yo‘l qo‘ygan. Bundan tashqari aholiga ko‘rsatiladigan servis xizmatlari tarkibida bemorlarga gigiyena vositalari va kiyim-kechaklar xarid qilib sotish ko‘rsatilmagan bo‘lsada, pullik xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobidan 58 million 280,2 ming so‘m pul mablag‘lari gigiyena vositalari va kiyim-kechaklar xaridi uchun maqsadsiz xarajat qilinib, bu tovarlar narxining ustiga 0,9 foiz ustama bilan bemorlarga majburiy sotilgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat sog‘likni saqlash boshqarmasiga kiritilgan taqdimnomada bunga o‘xshash misollarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Lekin afsuski, sog‘likni saqlash boshqarmasi yoki vazirlik bu borada nima chora-tadbirlar ko‘rgan bizga qorong‘u. Sodir etilgan ishlar ko‘lami qanchalik ayanchli bo‘lmasin soha mutasaddilari vaziyatga tomoshabin bo‘lib qolmoqda. O‘rganish natijalaridan bizga ma’lum bo‘lishicha oxirgi so‘zni tergov materiallarini sinchiklab o‘rganayotgan sud aytadi. Sud yakuniy so‘zni aytmagunga qadar ahvol o‘nglanishi dargumon.
Shu o‘rinda birlashmada yuzaga kelgan yana bir bosh-boshdoqliklarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Barcha tibbiyot muassasalari qatori tuman tibbiyot birlashmasiga ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-3454-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat byudjeti parametrlarida dori-darmon, reaktivlar, diagnostikum, bog‘lov materiallari harajatlariga har yili millionlab so‘m mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, bu mablag‘ miqdori yildan yilga ortib bormoqda. Lekin, bugungi kunda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli istalgan davolash muassasasiga murojaat qilsangiz, bo‘lim shifokorlari hech ikkilanmay, sizning qo‘lingizga oddiy momiq paxta-yu shpiritsdan tortib, butun davolash muddati davomida kerak bo‘ladigan turli dori-darmonlar nomi yozilgan kattagina ro‘yxatni tutqazishadi va ularni olib kelsangiz muolajani boshlashlarini aytishadi. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga-ku alohida haq to‘laysiz, albatta. Shunda shifoxonaning u yer, bu yerida “shifoxonada ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning barchasi bepul”, deb yozib qo‘yilgan yozuvlarni ko‘rib, bu yozuvlar nimaga osib qo‘yilibdi ekan, deb hayron bo‘lasiz.
Bunday holatni tuman markaziy poliklinikasida ham ko‘rishimiz mumkin. Qabulga kelgan har bir be’mor albatta, ko‘rikdan o‘tgani uchun ma’lum miqdorda pul to‘lovi qilishi shart. To‘lov miqdorini esa shifokor yoki uning yordamchisi belgilaydi. Mijozlardan olinayotgan naqd pul uchun esa hech bir shifokor to‘lov pattasi yozib berishni hayoliga ham keltirmaydi. Nazarimda kun davomida yig‘ilgan bu pullar hech joyga topshirilmay, shu joyning o‘zida bo‘lib olinib, o‘zlashtirib yuboriladimi yoki ..., bunisini bilmadik..Oddiy qog‘ozga yozilgan 3-4 qator bitta kichikkina ma’lumotnomaning narxi qanchaligini bilasizmi?
Boshqa joyni bilmadimu, lekin bunday ma’lumotnoma tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida naqd 5 ming so‘m turadi. Tug‘ilganlik guvohnomasi olish uchun farzand tug‘ilganligi qayd etilgan ikki qator ma’lumotnomani tug‘ruq bo‘limi xodimlari shu narxda “sotishadi”. Qani, ularning aytgan pulini bermay ko‘ring-chi! Biz qog‘ozni sotib olayapmiz kompyuterda yozish uchun vaqt sarflayapmiz, deb g‘avg‘o ko‘tarishadi.Meni doimo nega tuman Markaziy shifoxonasi yonidagi dorixonalar soni kundan kunga ko‘payib bormoqda, degan savol qiynab kelardi. Shifoxonaning yonginasidagi dorixonalarda bo‘lib, buning sababini tushunganday bo‘ldim. Deyarli o‘nga yaqin dorixonalarga chumoliday kirib chiqayotgan odamlarni kuzata turib, ularning har biri bir quchoq dori-darmon xarid qilishib, shifoxona tomon shoshayotganini ko‘rasiz. Qarab tursangiz kechasi-yu kunduz ularning keti uzilmaydi.
Nazarimda, tuman markaziy shifoxonasidagi mutasaddilar uchun bu holat allaqachon oddiy holga aylanganga o‘xshaydi. Markaziy shifoxonaga ishingiz tushib qolguday bo‘lsa, ichkaridagilarku mayli, lekin bu yerga kiraverishdan tortib to chiqib ketguningizga qadar yo‘lingizda o‘nlab tilanchilarni uchratishingiz mumkin. Chamamda, bu tilanchilar shifoxonani mutlaq o‘ziniki qilib olishgan. Chunki hech kim ularning “mushugini pisht demaydi”. Natijada, kir-chir kiyinib, bola ko‘tarib olgan bu tilanchilar bemalol shifoxona va poliklinika binolari ichkarisida sayr qilib, pul yig‘ib yurishadi. Aytayversak tibbiyot birlashmasi faoliyati to‘g‘risidagi turlicha fikrlarimiz tugamaydiganga o‘xshaydi. Nima bo‘lganda ham bugun tizimda tartib o‘rnatish vaqti kelgan. Buning uchun sud qarorini kutib o‘tirish adolatdan bo‘lmaydi.