“Uychi” tajribasi faqat kredit berish(mi?)

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish, tadbirkorlar safini kengaytirish maqsadida “Sayxunobod”, “G‘ijduvon”, “Uychi”, “Zarbdor” tajribalari qo‘llanilmoqda. Masalan, “Uychi” tajribasida tadbirkorlar va biznes bilan shug‘ullanish istagidagi aholi bilan manzilli ishlash tizimi asosida tuman hokimlari tadbirkorlar bilan, banklar esa mijozlari bilan muntazam uchrashib, ularga biznesini kengaytirishga ko‘maklashishi belgilangan. Bunda tuman hokimligi infratuzilma, tijorat banklari esa moliyaviy ko‘mak bilan shug‘ullanadi.

Samarqand tumanidagi 77 ta mahallada qariyb 260 ming aholi istiqomat qiladi. Qulay joylashuv va imkoniyatdan kelib chiqib, tumanda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar yil sayin ortib bormoqda.

-  “Uychi” tajribasi asosida tumanimizdagi 5 ta mahalladagi oilalar daromadini 50-60 million so‘mga yetkazish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun Xalq banki tuman bo‘limiga biriktirilgan, - deydi bank bosh mutaxassisi Dilshod Bolqiyev. – Bu mahallalardagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini  kengaytirish va ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida yuridik mijozlar bilan uchrashdik va mahallalardagi ishsizlarni ish bilan ta’minlayapmiz. Yilning o‘tgan 4 oyida 5 ta mahallaga 1 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i ajratildi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yoshlarga 100 million so‘mgacha kredit ajratildi va ular 5-10 tagacha ish o‘rni yaratdi. Shu kabi 8 ta korxonaga kredit ajratilishi natijasida 40 ta ish o‘rni yaratildi.

Masalan, “Visola 2002” oilaviy korxonasi yarim tayyor xamir ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaga aylanma mablag‘ni shakllantirish uchun 100 million so‘m kredit ajratildi va 10 ta ish o‘rni yaratildi. Savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 3 ta yakka tartibdagi tadbirkorga kredit ajratildi va muzlatkich olib faoliyatini davom ettirmoqda.

Yuqorida aytganimdek, “Visola 2002” oilaviy korxonasi o‘z uyida 2 sotix maydonda 30 ta ishchi bilan mahsulot tayyorlardi. Hozir ular boshqa fuqarodan yer sotib olib, faoliyatini kengaytirmoqda. Shuningdek, “Fortuna-merkuriy” novvoychilik korxonasiga ham 100 million so‘m kredit ajratildi. Umuman, 4 oyda yangi tashkil etilgan 6 ta yakka tartibdagi tadbirkorga 50-100 million so‘mdan ayollarga 24, erkaklarga 25 foiz hamda kam ta’minlangan va ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga 17,5 foizdan (oddiy kredit foizi o‘rtacha 27 foiz) kredit mablag‘lari ajratildi.

Mas’ulning ma’lumotlaridan so‘ng biroz mulohaza qilib ko‘rsak. Tijorat banklarining asosiy vazifasi kredit berish va bu orqali daromadga erishish. Lekin bank xodimining fikrlari, ya’ni 50-100 million so‘mgacha kredit ajratilganini inobatga oladigan bo‘lsak, 4 oyda 10-20 tagacha fuqaro bilan ishlagan bo‘lib qolmayaptimi? Yuqorida aytilgan korxona faoliyatni kengaytirish uchun boshqa fuqarodan yer sotib olganini hisobga olsak, hokimlik uchun tajribada nazarda tutilgan infratuzilma masalasi qog‘ozda qolayotganga o‘xshaydi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.