Tut pishdi. Bu meva urush yillarida minglab odamlarni o‘limdan asrab qolgan

Bugungi kunlar tut ayni pishgan, hosili mo‘l bo‘lgan payt. Kecha asr namozidan chiqsam, sakson-sakson besh yoshga kirgan bobolar yerdan tutlarni terib, puflab tozalagancha yeyayotgan ekan. Bu holatni ko‘rib bolaligimda bobom aytib bergan voqea esimga tushdi.
“Urush… Oziq-ovqat tanqis, borda bor, yo‘qda bir burda non tugul, bug‘doy ham, meva-chevayam yo‘q, - degandi o‘shanda bobom. - Ko‘z oldimizda yosh bolalar, ayollar ochlikdan nobud bo‘lib ketdi. Tirik qolish yo bolasiga yegulik topib kelish uchun kim shaharga ketgan, kim o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushgan… Hovlimizda ikki tupgina oq tut bor edi. Allohning odamlarga rizq berishini qarang: bir hosil berdi-bir hosil berdi, bir qishloq odam har kuni ustiga chiqib yeb ham ado qilolmadi. O‘ziyam salkam 1 oy meva soldi: bugun yeb tugatsak, ertasi kun oppoq, shirin tut yana marjonday tizilib turadi. Biz bu tutni birovdan qizg‘anmadik. «Odamdan aziz bo‘ptimi, urush ko‘pga kelgan to‘y, nasib qilgani yeb, kunini o‘tgazganiga shukur», derdi onam… Ha, ko‘pni boqdi bu oq tut… Qishloqda og‘zi tegmagan kishi qolmadi”.
...Bugun tongda masjid oldidagi tutdan bir momoning ham yerdan tutlarni terib yeyayotganini ko‘rib, bobom aytgan voqea yana ko‘z oldimda gavdalandi. Onaxon, tabiiyki, och qolganidan emas, tutning qadriga yetganidan, u ocharchilik paytlarda minglab odamlarni o‘limdan asrab qolganini bilganidan ashu ishni qilyapti.
Keksalar har yili tutdan bir to‘yib yeyish shart, deyishadi. Chunki u qonni tozalaydi, tut shinnisi esa ko‘pgina kasalliklarga davo, malham, darmon. Muhimi, tut daraxti tezda voyaga yetib, hosilga kirib mevasi tez hazm bo‘ladi.
Tut juda foydali daraxt - ipak qurtlari uning bargidan ozuqlanadi, natijada tabiiy ipaklar hosil bo‘ladi. Shuningdek, tut soyasi salqin, tanasi hamda yashil barglari hamisha sof kislorod chiqaradi. U nafas yo‘llarini davolaydi, mevasi totli, o‘zi manzarali va xosiyatli. Hovlingiz tor bo‘lsa-da, bir tupgina bo‘lsa-yam tut ekishni unutmang!
Abdusalom Quvondiqov,
SamDU ilmiy xodimi.