Tutning dushmani nima?

Tut daraxti nafaqat pillachilik, balki ekologiya, atrof-muhitning tozalagi uchun ham juda katta ahamiyatga ega.

Ammo tut daraxtining ham "dushman"lari bor. Ulardan eng keng tarqalgani - tut parvonasidir. Bu zararli hasharot boshqa zararkunandalarga nisbatan ko‘proq zarar yetkazadi. Tut parvonasi ipakchilik rivojlangan ko‘pgina Osiyo davlatlari mintaqalarida keng tarqalgan.

Bulardan Xitoy, Hindistonning bir necha shtatlari hamda Pokiston, Yaponiyani misol qilib keltirish mumkin. Respublikamizda ham tut daraxtining eng xavfli zararkunandalaridan hisoblanadi.

Bu tez rivojlanadigan hasharot bo‘lganligi sababli respublikamizning bir qator hududlarida tezda tarqalib ketdi. Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona vodiysi viloyatlari, keyinchalik esa Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining ko‘pgina tumanlarida uchraydigan bo‘ldi.

Tut parvonasining rivojlanishi asosan ipak qurti boqib bo‘lingandan keyin sodir bo‘lgani uchun bu jarayonga zarari tegmaydi. Ammo keyinchalik o‘sib chiqqan barglarni shikastlashi hisobiga novda uzunligi, yo‘g‘onligi va qish sovug‘iga chidamliligi kamayadi. Barcha tut parvonasi tarqalgan hududlarda bu hasharotning tutga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarari aholiga kengroq ayon bo‘lmoqda. Shuning uchun ichki karantin choralari orqali bu hasharotning mintaqamiz bo‘ylab tarqalishining oldini olish talab etilmoqda. Hozirgi vaqtda o‘simliklarni himoya qilishning uyg‘unlashtirilgan tizimi amaliyotga keng tatbiq qilinmoqda.

Bu tizimning maqsadi entomofaglarni saqlab qolgan holda agrotexnik, biologik, kimyoviy va boshqa usullarni birgalikda qo‘llash yo‘li bilan zararkunandalarning sonini kamaytirishga harakat qilinmoqda.

Xo‘sh, bu borada Samarqand viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Viloyatimizda bu zararkunandaga qarshi agrotexnik, biologik, kimyoviy va mexanik kurash usullari qo‘llanib kelinmoqda. Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining qoshida tashkil etilgan “Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati” tomonidan kurash usullarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida samarali o‘tkazish uchun hasharotning rivojlanishi nazorat qilinib kelinmoqda. Bugunda viloyatimiz hududlarida 10 103,2 ming dona yakka qatorli tut daraxtlari mavjud. Ushbu yakka qatorli tut daraxtlari viloyat hududida yetishtiriladigan ipak qurti uchun almashib bo‘lmaydigan ozuqa bo‘lib hisoblanadi.

Ushbu tut daraxtlari viloyat hududi uchun karantin ob’yekt hisoblangan zararkunanda tut parvonasi tomonidan kuchli zararlanishini inobatga olgan holda zararkunandaga qarshi hozirgi kunda kimyoviy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Agroentomologik kuzatuvlarga asosan viloyat hududlarida 1 067,0 ming dona yakka qatorli tut daraxtlarida tut parvonasi tarqalishi bashorat qilingan.

Ushbu tahlilga asosan yakka qatorli tut daraxtlarida viloyatimizning barcha tumanlarida kuzatuvlar o‘tkazilmoqda. Shu jumladan, viloyatimiz hududida 10 103,2 ming tut daraxtlaridan 9 598 ming dona yakka qatorli tut daraxtlarida kuzatuv o‘tkazilib, tut parvonasi bilan zararlangan tut daraxtlari ularning 1 018,8 tupida aniqlangan, ya’ni zararlanish viloyat bo‘yicha 10,1 foizni tashkil etmoqda.