U faqat "ona" degan so‘zni biladi xolos yoki mehnat muhojirlarining Rossiyada qolib ketayotgan bolalari

Tojik bolasi ota-onasidan ayro holda Rossiyadagi maktab-internetda bir yil yashab o‘z ona tili – tojik tilini mutlaqo unutdi. Faqatgina "Ocha" ("Ona" so‘zining tojikcha shevadagi atamalaridan biri) so‘zi esida qolgan xolos.
Yaqindagina uni Tojikistonga, yaqinlari bag‘riga qaytarishdi.
"Onamsiz o‘tgan bir yil men uchun nihoyatda og‘ir o‘tdi. Buni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin", deydi bir yil onasi va yaqinlaridan uzoqda, begona muhitda yashagan va yil o‘tib onasi bag‘riga qaytgan 9 yoshli tojik bola.
Sojida (ism o‘zgartirilgan) bolaning onasi – bolasini 2018 yil iyun oyidan beri mutlaqo ko‘rmadi. U turmush o‘rtog‘i bilan ishlab uch nafar farzandini tarbiyalab yurgan edi. Ularning kenja o‘g‘li Rossiyada tug‘ildi.
Oilaning umidi shu kenja o‘g‘ildan. Chunki Sojidaning ikkita katta farzandi nogiron.
Oradan ancha vaqt o‘tib hujjatlarni vaqtida rasmiylashtirmagani uchun Sojidaning erini Rossiyadan deportatsiya qilishdi. Sojida uchta bolasi bilan Rossiyada yolg‘iz qoldi. U chorasiz qolib hujjatlarini uzaytirdi va Rossiyada ishlab qoldi.
Shunday kunlardan birida ijarada yashaydigan uy egasi Sojidaning kenja o‘g‘liga uyda yig‘ilib qolgan axlatni to‘kib kelishga yuboradi. Bola ko‘chaga chiqqandan uni huquqni himoya qilish xodimlari ushlab oladi. Hali maktabga chiqmaydigan va rus tilini yaxshi bilmaydigan bola ularga hech narsani tushuntirib bera olmaydi. Shundan so‘ng ular bolani o‘zlari bilan olib ketadi.
Sojida bolasini qayerdaligini qidirib topguncha o‘zini ham ikkita bolasi bilan Rossiyadan deportatsiya qilishadi.
Sojidaning aytishicha o‘shanda bolasidan ajralish, uni Rossiyada qoldirib uyga qaytish juda ham og‘ir bo‘lgan. Bir yil davomida nima qilib bo‘lsa ham Rossiyaga borib bolasini olib qaytishni o‘ylagan. Ammo, bir tarafdan Rossiyadan deportatsiya qilingani, ikkinchi tarafdan esa uning qo‘lida Rossiyaga borib-kelish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagani unga bolasini borib olib kelishga to‘sqinliq qildi.
O‘g‘lini Rossiyadan olib kelish choralarini topa olmagan Sojidaning bor umidi Tojikiston hukumatidan bo‘ldi. U o‘g‘lini qaytarib olib kelib berishlarini so‘rab ko‘p idoralarga murojaat qildi. Nihoyat Ichki ishlar vazirligining say’-harakati bilan bolani Rossiyadan qaytarib olib kelib berishdi.
– Nihoyat bir yildan so‘ng o‘g‘limni bag‘rimga qaytarishdi. Bu uchun Ichki ishlar vazirligidan juda minnatdorman. Men bu onlarni bir yil kutdim. Nihoyat o‘g‘lim bag‘rimga qaytdi.
Turli sabablar bilan Rossiyada qolib ketgan bir guruh bolalarni Moskvadan Tojikistonga olib kelib ota-onalariga topshirish ishlariga bosh qosh bo‘lgan IIV voyaga yetmaganlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Bahodur Hamrohzodaning aytishicha, Tojikiston hukumati turli sabablar bilan Rossiyada qolib ketgan bolalarni yaqinlariga qaytarish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishlarni qilayapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilning 4 oyi davomida ota-onalari deportatsiya qilingan holda o‘zlari Rossiyada qolib ketgan o‘ngga yaqin bolani Tojikiston IIV ota-onasi bag‘riga qaytargan.
"Rossiyada ota-onasi deportatsiya bo‘lganligi ortidan qolib ketgan ko‘plab tojikistonlik bolalar, o‘smirlar bor. Ularning aksariyatini Tojikistonga qaytarishning iloji bo‘lmayapti. Ba’zilarini hujjatlarida noaniqliklar bo‘lsa, ba’zi o‘smir yoshdagilari esa o‘zlari Tojikistonga qaytishni xohlashmayapti. Ammo, voyaga yetmagan bolalarni qaytarishda davom etaveramiz", deydi u.