Uch avlod uchrashuvi: Nuroniylar hayoti - yoshlarga saboq, katta ibrat maktabi
Urgut tumani To‘rtko‘l mahallasidagi 11- umumta’lim maktabida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda keksa avlod vakillari, faxriy o‘qituvchilar, hozirgi vaqtda maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar hamda maktab bitiruvchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab maktabning sobiq o‘quvchilari, nuroniy va ziyolilar o‘z hayot yo‘llari va erishgan muvaffaqiyatlari haqida yoshlarga so‘zlab berdi. So‘ngra ushbu bilim maskanida shoir va yozuvchi, o‘tkir publitsist Ismat Ko‘chiyev bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Ismat Ko‘chiyev yoshlarga hayotda nimaga erishish kerak bo‘lsa, avvalo maktabda a’lo o‘qish kerakligini, doim kitob o‘qish, ilmga intilish zarurligini ta’kidladi. Shoir she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. Yangi kitoblar to‘plamini maktab kutubxonasiga hadya qildi.
Tadbir yakunida uch avlod vakillari dildan suhbat qurishdi, hayot, ilm, izlanish natijalari, vatan tuyg‘usi, zamon va makon o‘zgarishlari haqida savol-javoblar qilishdi.