“Uch avlod uchrashuvi” yoshlarga hayot saboqlarini berdi
- Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. O‘tgan yildan boshlab mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan “Uch avlod” uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Muloqot davomida o‘tgan kunlarni xotirlash, bugungi o‘zgarishlarga shukronalar aytish - kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qiladi. Bunyodkorlik ishlariga tomoshabin bo‘lib emas, kamarbasta bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga dahldorlik bilan yashash esa yoshlarning burchidir. Ko‘tarinki kayfiyat, nuroniylar bilan bo‘lgan muloqotlar yoshlarga ko‘p narsa beradi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri avvalida universitet rektori, professor X.Yunusov ana shu gaplarni alohida ta’kidladi.
Universitetda qishloq xo‘jaligi faxriylari - viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdumajid Nurqulov, mehnat faxriysi Amriddin Muhiddinov, professor Qurbon Norboyevlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari mas’ullari, "Veterinariya fidoyisi" ko‘krak nishoni sohiblari va universitetning faxriy professor-o‘qituvchilari, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida faxriylar hayot yo‘li, soha rivoji uchun amalga oshirgan ishlari, bu yo‘lda uchragan mashaqqatlar va qiyinchiliklari xususida yosh avlod vakillariga hikoya qilib berdi. Kishi o‘z oldiga maqsad qo‘yishi va kelajagini rejalashtirishi lozimligi, bu yo‘lda albatta unga muammolar uchrashi va bu muammolardan bilimi, salohiyati va intilishlari bilan yengishi lozimligi barchaga ibrat bo‘lgulik hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi.
Uzoq yillar davomida Samarqand viloyati hokimligida mas’ul lavozimlarda ishlagan va 2019 yildan buyon viloyat hokimining maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan A.Nurqulov tomonidan universitetga "Samarqand - yer yuzining sayqali" kitobi hamda noyob manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari taqdim etildi. Uchrashuvda faol ishtirok etgan talabalarga faxriylar tomonidan esdalik sovg‘alari va kitoblar jamlanmasi tortiq qilindi. O‘z navbatida mehmonlarga universitet rektorining yoshlar tarbiyasidagi ishtiroki uchun "Faxriy ustoz" diplomlari taqdim etildi.
SamDVMChBU axborot xizmati.