Uchar taksi loyihasi yoki Yaponiya parvozga tayyorlanmoqda

Yaponiya hukumati 2023 yilda uchar avtomobillar loyihasiga start berishni rejalashtirmoqda. Loyiha ustida 2014 yilda asos solingan Toyota kompaniyasining sobiq muhandisi Tomoxiro Fukudzava boshchilik qilayotgan Sky Drive startapi faoliyat olib bormoqda.
Yuzdan ortiq xususiy kompaniyalar ishtirok etayotgan loyihaning asosiy maqsadi – aholi zichlik muammosini hal qilishga yordam beruvchi, tijorat uchar taksi namunasini yaratish.
Mamlakat hukumati yangi turdagi transport turining paydo bo‘lishi, yo‘llardagi tirbandliklardan xalos bo‘lishga yordam berishiga umid qilmoqda. Hukumatnining ushbu loyihadan yakuniy maqsadi - havo kengligidan foydalangan holda katta shaharlarda odamlarni tashish, yangi turdagi transport bilan tog‘li hudud va alohida orollarni ta’minlash, shuningdek, tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlarda undan foydalanish.
Fukudzavaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati aerotaksi loyihasini 2023 yilda tijoratlashtirishni rejalashtirmoqda.
“Biz havo taksisi xizmatini katta shaharlarda, Osaka yoki Tokioda ishga tushirish rejasini ko‘rib chiqmoqdamiz. Dastlab dengiz ustidan uchib ko‘ramiz, sababi birdan odamlar ustidan uchish juda xavfli hisoblanadi”, - dedi Tomoxiro Fukudzava.
Sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazilganidan so‘ng, ulkan dronga o‘xshaydigan Sky Drive uskunalari shahar chekkasida uchishni boshlaydi. Avtopilot tizimi bo‘lishiga qaramasdan, dastlabki uchish vaqtlarida uskuna ichida uchuvchi bo‘ladi. Shuningdek, Fukudzavaning so‘zlariga ko‘ra, o‘n daqiqali uchish narxi vertolyotda uchish narxidan sezilarli darajada arzon bo‘ladi. Sky Drive 2024 yilda yangi turdagi avtomobil faoliyatini yo‘lga quyishni, 2028 yilda esa innovatsion avtomobillar savdosini boshlashni rejalashtirgan.
Uchar avtomobil g‘oyasi yangi emas, dunyoda yuzdan ortiq shunga o‘xshash loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular ustida Boeing, Airbus va Uber Technologies kabi gigantlar faoliyat olib bormoqda. Biroq Sky Drive tomonidan ishlab chiqilgan uchar avtolar o‘zining o‘lchamlari bilan hozirsa yagona bo‘lib turibdi. U dunyodagi eng kichik uchar avto bo‘lib, ichiga ikki kishini sig‘dira oladi.
Tomoxiro Fukudzavaning fikriga ko‘ra, 2050 yilga kelib uchar taksi yordamida Tokioning 23 tumani uzra o‘n daqiqa ichida istalgan nuqtaga yetib borish imkoni paydo bo‘ladi.
Bekzod Musurmonov tayyorladi.