Uchinchi Renessansda istiqbolli kadrlarning munosib o‘rni bo‘ladi

Har tomonlama bilimli va zamonaviy fikrlaydigan salohiyatli kadrlarni tarbiyalash, bosqichma-bosqich shakllantirish hamda ularning istiqbolli zaxirasini yaratish bugungi kunning muhim vazifalardan biri sanaladi.

Prezidentimizning 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ushbu maqsadda qabul qilingani bilan ahamiyatli. Unga mamlakatimizda istiqbolli boshqaruv kadrlar salohiyatidan samarali foydalanish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati va davlatning boshqa organlarida kadrlar zaxirasini shakllantirishning zamonaviy mexanizmini ishlab chiqish hamda mamlakatimiz kadrlar salohiyatini yuksaltirish belgilangan.

Mamlakatimizda davlat hokimiyatining boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, boshqaruv organlarida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini munosib himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli o‘zgarishlar yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tanlab olish va tayyorlash, ularning zaxirasini shakllantirish tizimini zamonaviy yondashuvni ishlab chiqish orqali takomillashtirishni taqozo etadi.

Ana shunday zamonaviy boshqaruv salohiyatiga ega, yosh va yuqori malakali kadrlarni tanlab olish, ularning bandligini ta’minlash hamda zaxirasini shakllantirish tizimini yaratish maqsadida joriy yilning 27 iyun kuni viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining iste’dodli va iqtidorli bitiruvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Samarqand viloyati hokimligi huzurida “Samarqand kelajak javohirlari” istiqbolli kadrlar zaxirasi tashkil qilinib, munosib yoshlar saralanmoqda.

Ushbu jarayonda Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlaridan 294 nafar bakalavr hamda 37 nafar magistr bitiruvchilar ta’lim muassasalari rahbarlarining tavsifnomalari asosida saralab olindi.

Bir qator mezonlar asosida saralab olingan ushbu iste’dodli va liderlik qobiliyatiga ega 331 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash, ularni viloyat hokimligining istiqbolli kadrlar zaxirasiga olib, faolligini oshirish va boshqa yoshlarga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida Telegram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida “Samarqand kelajak javohirlari” kanal va guruhlari tashkil etildi.

Uchrashuvda istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan iste’dodli va iqtidorli yoshlar tomonidan bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan edi.

Jumladan, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bitiruvchisi T.Ro‘ziyevning taklifiga asosan hududlarda seleksiya ishlarini tashkil qilish va urug‘chilik tizimini rivojlantirish orqali hosildorlikni oshirish maqsadida har bir tuman qishloq xo‘jalik bo‘limlarida alohida seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilish masalasi o‘rganib chiqilmoqda.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi A.Eshonkulovning rivojlangan davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, shahar va tumanlar markazlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning tom qismidan shaharsozlik normalariga rioya qilgan holda maqsadli foydalanishga oid loyiha taklifini ko‘rib chiqish uchun respublika komissiyasiga yuborildi.

Ta’kidlash lozimki, shu kunga qadar istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan 331 nafar iqtidorli bitiruvchining 164 nafari ish bilan ta’minlandi. 93 nafar yoshlarni mutaxassisligi bo‘yicha aniq ish joyi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, ular tarkibidagi 37 nafar magistrant bitiruvchilardan 29 nafari ish bilan ta’minlandi, 5 nafari ilmiy faoliyatini davom ettirishga qaror qildi.

Davlatimiz rahbari Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotganini ta’kidladi. Bu poydevorning mustahkam bo‘lishi esa jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan bilimli, o‘z sohasini puxta egallagan, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarga bog‘liqligi barchamizga ayon haqiqat.

Davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda ana shunday yoshlarning saralangan holda jalb etilishi faqat taraqqiyotga xizmat qiladi.

Behzod Rahmatullayev,

Samarqand viloyati hokimligi

tashkiliy-nazorat guruhi rahbari.