Uchta davlat onalari Samarqandda taqdirlandi
Avval xabar berganimizdek SOS – Kinderdorf International xalqaro jamiyati prezidenti Siddxarta Kaul, tashkilotning Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa hududiy markazi raisi Zdenko Sed boshchiligidagi mehmonlar shu kunlarda Samarqandda mehmon bo‘lib turibdi.
Kecha viloyat hokimi bilan uchrashgan delegatsiya a’zolari ishtirokida bugun Samarqand shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Armanistondagi SOS – Bolalar mahallalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda ushbu davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan SOS – Bolalar mahallalarining 10 nafar tarbiyachi-onalariga tashkilotning faxriy nishoni topshirildi.
- Ikkinchi jahon urushidan keyin ota-onasi vafot etib, yetim qolgan bolalar soni ko‘paydi, - deydi federatsiya prezidenti Siddxarta Kaul. - Ular uchun oila muhitini yaratish, ota-ona tomonidan beriladigan mehr va e’tiborni qaytarib berish maqsadida 1949 yilda federatsiya tashkil etildi. Bugungi kunda 134 ta davlatda SOS - Bolalar mahallalari faoliyat yuritib, 4 milliondan ortiq bola qamrab olingan. Onalik – juda mashaqqatli ish. Buni bir voqea bilan izohlayman, bir necha yil oldin men ham bir oy ona bo‘lib, 10 nafar bolani qarmog‘imga oldim. Tushlikkacha ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan juda toliqdim. Shunda ona bo‘lish mas’uliyati va mashaqqati qanchalik og‘ir ekanligini his etdim. Sizning mehnatingiz bebaho ekanligini juda yaxshi bilaman, ammo bolalar baxti aks ettirilgan bu uzuk sizga berilgan e’tibor namunasidir.
- Aslida bolalarning begonasi bo‘lmaydi, - deydi Qozog‘istonning Temirtau Bolalar mahallasi ona tarbiyachisi Irina Blagoveщyenskaya. – 15 yildan beri bolalarga onalik qilaman. Hozirda ikkinchi avlodni tarbiyalayapman. Bugun farzandlarimning barchasi hayotda o‘z o‘rinlarini topishgan. Biri arxitektor, biri rassom, biri milliy akademiya talabasi. Ularning yutuqlarini ko‘rib, faxrlanaman. Ona uchun bundan-da ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston SOS - Bolalar mahallalari uyushmasining rahbari Gulnoza Abidova sertifikat bilan taqdirlandi.