TATU Samarqand filiali SOS onalar uchun kompyuter savodxonligi darslari tashkil etdi

Yaqinda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali va SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasining Samarqand filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hozirda mazkur hamkorlik doirasida filial professor-o‘qituvchilari tomonidan SOS onalar uchun kompyuter savodxonligi darslari olib borilmoqda.

21 sentyabr kuni filial axborot texnologiyalari kafedrasi assistentlari Orzumurod Xolmatov va Mirjalol Fayzullayev SOS onalar uchun boshlang‘ich ofis tajribasini shakllantirish, kompyuterda matn yaratish bo‘yicha maxsus kompyuter savodxonligi darslarini o‘tkazdi.

Mashg‘ulotlarda ishtirok etganlarga Word, Excel, PowerPoint dasturlarida ishlash, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish ko‘nikmalari o‘rgatilmoqda. Shuningdek, ularga kun sayin rivojlanib borayotgan AKT sohasi haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.

O‘zaro kelishuv memorandumiga ko‘ra, SOS onalar uchun bepul 24 soatlik o‘quv kursi tashkil etildi. Xuddi shunday kompyuter savodxonligi mashg‘ulotlari Samarqand shahar 1-mehribonlik uyi xodimlari uchun ham olib borilmoqda.

TATU Samarqand filiali axborot xizmati.