Bitiruvchi talabalar ish bilan ta’minlanadi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida bitiruvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi, “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali, IT-park Samarqand filiali vakillari hamda bitiruvchi yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mutaxassislar tomonidan viloyat aholisiga telekommunikatsiya sohasida yaratilayotgan qulayliklar, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
“O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali 2021 yilning I choragida viloyatda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 3,6 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalar o‘rnatib, umumiy sig‘imni 296 mingga yetkazdi. Shuningdek, 2 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 10,1 ming kilometrga yetkazildi.
Ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini kengaytirish maqsadida telekommunikatsiya transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazi darajasida 400 Gbit/sekund (4 barobar)ga oshirildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmining oshishi yangi ish o‘rinlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Tadbirda soha mutaxassislari bitiruvchi talabalar bilan alohida suhbatlashib, ularning qiziqishlari bilan yaqindan tanishdi va vazirlik tizimidagi soha korxonalarida ishlash istagini bildirgan bitiruvchilarni ro‘yxatga olib, ularning ishga joylashishida amaliy yordam berishlarini bildirdi.
TATU Samarqand filiali axborot xizmati.