Uchta tumanda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlikda pul mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “N.M.” xususiy korxonasi rahbari N.M. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan eshik, deraza va mebel ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish maqsadida 640 million so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni maqsadsiz ishlatib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, “T.Ch.” MChJ rahbari I.Q. hududiy tijorat banki filialidan MChJga hamda oila a’zolariga chorva mollarini sotib olish maqsadida ajratilgan 410 million so‘m kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatish orqali talon-toroj qilgan.

Shu kabi, Departamentning Toyloq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YaTT Sh.D., “O.A.” fermer xo‘jaligi rahbari O.U. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, shu tumanda yashovchi 10 nafar fuqaro nomiga kartoshka urug‘i olish uchun jami 237 million so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirishga erishib, ushbu kredit mablag‘larini o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.