Uittiyer – bitta uydan iborat shaharcha
Alyaskada shu nomdagi mitti shaharcha joylashgan.
Bu g‘aroyib shaharchaning barcha 220 nafar aholisi 14 qavatli bitta uyda yashaydi. Shahar o‘z nomini shoir Jon Grinlif Uittiyer nomidan olgan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh hukumati muzlamaydigan suv yaqinida harbiy-dengiz bazasini qurishga qaror qiladi. Bu yerga suv orqali kelish uchun muz orasidan 3 kilometrlik tonnel ochishga to‘g‘ri keladi. Hozirda bu yerda nafaqat avtomobil, balki temir yo‘l ham tortilgan. Harbiylar va boshqa yashovchilar uchun 14 qavatli uy quriladi. "Begich Tauers" deb nomlangan bino loyihasi muallifi Enton Andersen edi. Unda aholi xonadonlaridan tashqari savdo do‘konlari, sartaroshxona, sport zal, politsiya bo‘limi va cherkov joylashgan.
1964 yilda sokin shahar hayoti AQShda bo‘lib o‘tgan kuchli zilzila tufayli buzildi. Yer osti to‘lqinlari ko‘pgina texnikalarni yaroqsiz qilib qo‘ydi. Hatto shaharchaga ham zarar yetkazdi. Zilzila oqibatida 13 kishi qurbon bo‘ldi. Harbiy-dengiz bazasi yopilganiga qaramasdan, ko‘pchilik fuqarolar shu yerda yashashga qaror qilishdi. Qayta tiklangan "Begich Tauers" esa ulkan kommunal xonadonga aylandi. Bu yerda yashash oson emas. Chunki Uittiyerda yil bo‘yi ob-havo juda sovuq bo‘ladi. Qishda bir necha metr qor bilan qoplanadi. Kamiga tezligi soatiga 100 kilometrgacha esadigan kuchli shamol bo‘lib turadi. Bu yerda yashovchilar noyabrdan to fevral oyigacha quyosh yuzini ko‘rmaydi. Aholi quyoshni ko‘rish uchun bu yerdan 120 kilometr olisdagi Ankoridjaga borishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq u yerga borish uchun tonneldan o‘tish kerak. Tonnel kechasi yopiladi. Kunduzi esa yo‘l bir tomonlama bo‘lganligi uchun svetofor orqali nazorat qilinadi.
Shaharchada ayrim uddaburonlar ko‘kat va sabzavot yetishtirish uchun issiqxona tashkil etgan. Tashqi dunyo bilan faqat internet orqali aloqa qilishadi. Mash’um zilziladan so‘ng AQSh hukumati binoni tiklab berishni va’da qilgan edi. Ammo va’da va’daligicha qoldi. Shu sababli aholining bir qismi Uittiyerni tashlab ketdi.
Shaharcha aholisi asosan sayyohlar bilan to‘la kemalar kelib turadigan portda mehnat qilishadi.
Darvoqe, muzliklar o‘rtasida joylashgan g‘aroyib shaharcha butun dunyodan keladigan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Ularga shafqatsiz ob-havo sharoitida yashovchi aholining turmush tarzi qiziqtiradi. Shaharcha tartib-qoidalariga ko‘ra taqiqlanganiga qaramasdan, ayrimlar sayyohlarga o‘z uylarini ijaraga berishadi. Ularga shaharchani aylanib tomosha qilishlari uchun sharoit yaratishadi.
Hozirda Uittiyerga kelib yashashni istovchilar kam, borlari ham asta-sekin ko‘chib ketishmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.