Ukraina – Rossiya urushi: Rossiya tomonga bir kechada 155 ta dron. Yo‘lovchi samolyotga zarba. Tramp Rossiya borasida muhim bayonot bermoqchi

Kecha oqshom Rossiyada uxlashga imkon bo‘lmadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘nlab hududlarga hujumlar sodir etilganini, so‘nggi vaqtlardagi eng yirik dron hujumini ma’lum qildi — bir kechada Rossiya hududi va anneksiya qilingan Qrim hududida 155 ta dron urib tushirilgan.

Rasmiyning ma’lum qilishicha, Tula viloyatida Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan va jarohatlanganlar bor.
Rasmiy tasdiqlanmagan xabarga tayanib, reportyor Aleksandr Nevzorovning aytishicha, kecha tunda Rossiya havo mudofaasi Ukraina uchuvchisiz samolyoti deya yanglishib, “Minsk-Moskva” yo‘lovchi samolyotiga hujum qilgan. Hodisa taxminan oqshom "Sheremetevo"ga qo‘nish vaqtida sodir bo‘lgan. Samolyot shikastlangan, biroq ekipaj samolyotni qo‘ndira olgan.

***

Hafta boshida Donald Tramp “Rossiya bo‘yicha muhim bayonot” berishini ma’lum qildi. U bu haqda NBC News telekanaliga aytib, "Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lganini" qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti NATO orqali Ukrainaga qurol yetkazib berishning yangi sxemasi tafsilotlarini oshkor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi: "Biz NATOga qurol jo‘natamiz, NATO esa 100 foiz ularni to‘laydi va Ukrainaga topshiradi".