Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi murojaat bilan chiqib, fuqarolarni urushda ishtirok etmaslikka chaqirdi
Elchixona O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushida qatnashmaslikka va vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqiradi. Ushbu qoidalarni buzganlar Ukraina qonunlari va xalqaro huquq normalari asosida javobgarlikka tortiladi.
“Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida olib borilgan jangovar harakatlar paytida Rossiya armiyasi xorijiy fuqarolarni urushga jalb etmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, vaqtincha ishg‘ol qilingan Donetsk viloyati Gorlovka shahrida joylashgan Rossiya kuchlarining bo‘linmalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari borligi aniqlangan.
Ushbu shaxslar Ukraina davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Rossiya Federatsiyasi tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukraina hududiga qurilish ishlarini olib borish uchun kelgan. Mariupol (Ukraina) shahriga yetib kelganidan so‘ng, ularning pasportlari olib qo‘yilgan va bu fuqarolar Rossiya Federatsiyasi kuchlari safiga ko‘ngilli sifatida safarbar qilingan” deyiladi elchixona xabarida.