Ulug‘bek rasadxonasida qanday jihozlardan foydalanilgan?

Temuriylar davrida Samarqandda turli sohalardagi kabi astronomiyada ham izlanishlar olib borilmoqda edi. Bir guruh munajjimlarning ana shunday ilmiy faoliyati Mirzo Ulug‘bekning rasadxona tashkil etish g‘oyasiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Qisqa muddatda Samarqandda o‘z davri uchun noyob ilmiy dargoh - rasadxona tashkil etildi. Ochig‘i, bu haqda ko‘p o‘qiganmiz. Ammo ko‘pchilikni ushbu rasadxonada qanday jihozlar bo‘lganligi qiziqtiradi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, rasadxona o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan asbob-uskunalardan ko‘ra aniq asboblar bilan jihozlandi. Xususan, to‘qqiz osmon modeli, yetti doira figuralari, yetti planeta epitsikllari (doiralar markazining boshqa doira chizig‘i bo‘ylab muntazam harakati), burjlar xaritalari, darajalar, daqiqalar, soniyalar va ularni oltmishdan bir ulushga bo‘ladigan asbob, Yer yuzini tasvirlovchi shar (globus) va unda tasvirlangan tog‘ tizmalari, dengizlar, daryolar va vodiylar tasviri jamlandi.
Rasadxonaning eng katta va asosiy jihozi – sekstant edi. U tanlangan joy meridianning uch yo‘nalishi bo‘yicha o‘rnatilgan. Bu asbob orasi 70,2 santimetrga teng qilib, bo‘laklarga bo‘lingan va har bir bo‘lagi bir gradusli, radiusi 40,24 metr bo‘lgan yoyga mos keladi.
Bulardan tashqari, rasadxonada quyidagi asboblar mavjud bo‘lgan:
1. Zat-al-halak-armillali sfera (xalqa), osmon sferasidagi doiralarni tasvirlovchi bir nechta xalqalardan iborat, xalqalar yordamida planetalarni kuzatish mumkin.
2. Zat-al-shubatayn – trikvetr (uchburchakli), ikki tarmoqdan iborat qadimiy ayronomik asbob.
3. Zat-as-suk-batayni – dioptr.
4. Shamila – astrolyabiya va kvadrat o‘rniga ishlatadigan universal asbob namunasi.
5. Ruhama - marmardan yasalgan lavh – Quyosh soati.
6. Miqyos (gnomon) – o‘lchaydigan asbob.
7. Kura falakiya – osmon globusi.
Rasadxona qurilishi va osmonni kuzatish uchun mukammal asbob-uskunalar bilan jihozlanishi Mirzo Ulug‘bek va uning ilmiy maktabi namoyandalari nafaqat falakiyot ilmida, balki murakkab astronomik o‘lchov-hisoblash jihozlarini ixtiro qilishda ham tengsiz bilimga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Jo‘raqul QAYuMOV,
dotsent.