Ulug‘ allomaga ehtirom Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi viloyatimizda keng nishonlandi

Samarqand davlat universiteti professori I.Mirzayev, viloyat "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev, shoira X.Bobomurodova Alisher Navoiyning milliy adabiyotimiz, xalqimiz ma’naviyati, ma’rifati, tilshunoslik ravnaqiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdilar.
– Navoiy ijodining biz, yoshlarga ibrat bo‘ladigan jihati shundaki, u o‘z davrida turkiy tilning imkoniyatlari naqadar kengligini ijodi, iste’dodi bilan isbotlab bergan, – deydi Samarqand pedagogika kolleji o‘quvchisi N.Ziyodullayeva. – Bundan tashqari, u devonlari, dostonlarida yoshlarga pand-nasihatlar qiladi. "Xazoyin ul-maoniy" va "Devoni Foniy", "Nazm ul-javohir", "Mahbub ul-qulub" kabi asarlarida insonparvarlik g‘oyalarini go‘zal timsollarda ifoda qilgan. Bu esa kelajak avlodlarning Vatanga sodiq, barkamol inson sifatida voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.
Tadbirda talabalar hamda ijodkor yoshlar shoir ijodidan namunalar o‘qishdi. Shaharda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar, muassasalar vakillari shoir haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari A.Umarov, Samarqand shahar hokimi F.Rahimov ishtirok etdi.

Abdug‘ofur ShERXOLOV.

***

Samarqand davlat universitetida "Ulug‘ allomaga ehtirom" mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Professorlar M.Muhiddinov, U.Sanaqulov, J.Eltazarov va boshqalar Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalar umumbashariyligi, bugungi avlod unga munosib yashashga burchli bo‘lishi lozimligi, mutafakkirning pedagogik hamda tarixnavislik mahorati xususida tadqiqot ishlarini amalga oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirdilar.

Mahfuza ABDUMURODOVA.

***

Samarqand shahridagi 32-umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida Navoiy g‘azallari va ruboiylarini ifodali o‘qish, uning asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyishi bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.

Madina BAGIROVA.

***

Samarqand pedagogika kollejida o‘tkazilgan tadbirda o‘qituvchilar Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini uning tavallud sanasi arafasidagina emas, balki yil davomida o‘rganish kerakligini ta’kidladilar.

Manzura QODIROVA.

***

Samarqand shahar "Nuroniylar maskani"da "Nuroniy" jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda bo‘lim raisi A.Muhiddinov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ul kotibi T.Tugalov maskanga kelgan o‘quvchilarga shoirning ezgu ishlari xususida so‘zlab berdi. Shahardagi 45-maktab sardorlariga nuroniylar ishonch bildirib, ko‘krak nishoni topshirdilar.

M.JOVODBEKOV.