"UN PUBLIC SERVICE FORUM - 2025" forumi Samarqand shahrida o‘tkazilishi ma’lum qilindi
Avvalroq Janubiy Koreyada "UN PUBLIC SERVICE FORUM- 2024" forumi o‘tkazilgandi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Forumda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti boshlig‘i (UNDESA) – BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Li Szyanxua ushbu xalqaro forum 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishini e’lon qildi.
Forumning yopilish marosimida ham so‘zga chiqqan vazir Sherzod Shermatov o‘z nutqida Samarqandda o‘tadigan tadbirni yuqori saviyada tashkil etilishini ta’kidlab, ishtirokchilarni ko‘hna va hamisha navqiron shaharga taklif qildi.
Shu bilan birga, ushbu forumni O‘zbekistonda yuqori darajada o‘tkazilishiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
Janubiy Koreyaga amaliy tashrif davomida vazir Sherzod Shermatov UNDESA rahbari – BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Li Szyanxua bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida UNDESA rahbari – BMT Bosh kotibi o‘rinbosari mamlakatimizda elektron hukumat sohasining rivojlanish holati va bu borada BMTning elektron hukumat rivojlanishi reytingida O‘zbekiston o‘rnini oshirish va 2030 yilga qadar TOP-30 davlatlar qatoriga kiritish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar va sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Shu bilan birga, Li Szyanxua "UN PUBLIC SERVICE FORUM-2025" forumining 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi bilan samimiy qutlab, tadbirni tashkiliy jihatdan yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.