Uni «Norik» deyishardi
Samarqand jurnalistikasida uning yorqin izi bor: qalamga oladigan mavzularini chuqur o‘rganardi, biron jihati e’tibordan chetda qolmasdi. Maqola o‘qishli bo‘lishi uchun mayda detallargacha keltirardi. Fakt va raqamlarni maqola mazmuniga singdirib yuborardi.
Biz hikoya qilayotgan ijodkor Normuhammad Sayfiddinovdir. Sinchkov va zehnli jurnalist hayot bo‘lganida 70 yoshga to‘lardi.
U 1951 yilda Samarqand tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgach, Samarqand davlat pedagogika institutida saboq oldi.
Kechagiday eslayman: Normuhammad xushchaqchaq, samimiy hamkasblarimizdan edi, - deb xotirlaydi faxriy jurnalist Tog‘aymurod Shomurodov. - Institutni bitirgach, bir muddat o‘qituvchilik qilgan va keyin Jizzax viloyati Paxtakor tumani gazetasida muxbirlik malakasini o‘rgangan, mas’ul kotib bo‘lgan. So‘ngra tahririyatimizga ishga keldi. Biz uni “Norik” deb atardik. Norik “Lenin yo‘li” (“Zarafshon”) gazetasida jo‘shqin ijod qildi, sport bo‘limini boshqardi.
1991 yil 1 mayda Samarqand shahar hokimligining “Samarqand” gazetasi ta’sis etildi. Iqtidorli jurnalist Normuhammad Sayfiddinovni gazeta muharrirligiga tavsiya etishdi.
Samarqand shahar tarixiy va me’moriy obidalari bilan mashhur uchta tuman va mahallalarning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotini yoritish, mushtariylar qalbiga yo‘l topish oson kechmadi. U o‘zbek, tojik, rus tillarida chop etiladigan gazeta maqolalarini sinchiklab o‘qib chiqar, tahrir qilardi.
“Samarqand” gazetasi N.Sayfiddinov rahbarligida shakllandi. Haftada bir marta nashr etiladigan gazeta omma o‘rtasida o‘rnini topdi. Muhimi, gazeta zahmatidan huzur topadigan mehnatkash muharrir Normuhammad Sayfiddinovning nomi ham siyosat, ham axborot maydonida tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Yana bir e’tiborli jihati, Normuhammad akaning insoniy fazilatlari har qanday kishining havasini keltirardi. Tahririyatdagi ba’zi mas’uliyatsiz, topshiriqni vaqtida bajarmaydigan xodimlarga ham qattiq gapirmasdi. Aksincha, u tayyorlashi zarur bo‘lgan maqolani o‘zi yozib qo‘ya qolardi. Bu esa ijodiy xodimga katta saboq bo‘lardi.
Normuhammad Sayfiddinov muharrirlik yillari ikkita kitob yozdi. Biri mashhur sportchi Mamajon Ahmedov sulolasi haqida “Polvon” nomli hujjatli qissa, biri Damariq mahallasi, ota-onasi haqida edi.
1995 yil yozda N.Sayfiddinov viloyat hokimining matbuot kotibi sifatida faoliyat yurita boshladi. Bu kamtar, dili toza inson yuqori lavozimda bo‘lsa-da, “Samarqand”ni esdan chiqarmas, tahririyatga tez-tez kelib turar, “Tabarruk gazeta asrimizning boshlarida chiqa boshlagan. Biz ulug‘ bobolarimizning ezgu ishlarini mustaqillikning ilk yillarida davom ettirdik. Bu qutlug‘ dargohda ishlagan kishi buni aslo unutmasligi kerak”, deya hammaning qalbini faxr-iftixor hissiga to‘ldirardi.
Keyin Normuhammad Sayfiddinov viloyat teleradiokompaniyasi raisining o‘rinbosari bo‘ldi. Jurnalistika doimo uning sevimli kasbi, mashg‘uloti edi. Do‘stlari, shogirdlarini ko‘rganida dili quvonchga to‘lib ketardi.
1997 yil iyulda N.Sayfiddinov og‘ir kasallikka chalinib, 47 yoshida yorug‘ dunyoni tark etdi.
Bugun Normuhammad akaning oilasi davrasi keng. Ayoli – Mo‘’tabar Tolibova va o‘g‘il-qizlari uning nomini doim ardoqlaydi, ezgu ishlarini farzandlari va nevaralari, shogirdlari davom ettirmoqda.
Ubaydulla Sirojev,
Akram Haydarov.