Unutmoq osonmas ularni: "Onajon, ka’bam o‘zing, sensiz jahonni na qilay?"

9 may - Xotira va qadrlash kuni oldidan samarqandlik ijodkorlardan ayrimlarini eslashni lozim topdik. Ulardan biri - salohiyatli rahbar va taniqli shoir Haydar Yahyo.
Haydar Yahyoyev 1927 yil 9 yanvarda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 37 yildan ortiq huquqni muhofaza qilish tizimlarida turli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, 1964 yildan 1979 yilgacha, o‘n besh yildan ortiq Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan, general-leytenant unvoniga sazovor bo‘lgan. U nafaqat nufuzli rahbar, balki ijodkor ham bo‘lgan, uning bir qancha she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Ko‘plab she’rlari taniqli san’atkorlar tomonidan qo‘shiq qilingan.
Davlat va siyosat arbobi, shoir Haydar Yahyo 2013 yil 22 avgust kuni 86 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan.
Quyida shoirning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.
ONAJON
Onajon, noming dilimda jism aro tanho o‘sha,
Shafqating bitmas xazina menga ming tillo o‘sha,
Har nafas mehring bulog‘i, toshsa bir dunyo o‘sha,
Ko‘z ochib ko‘rdim o‘zingni, menga bir dunyo o‘sha.
Onajon, ka’bam o‘zing, sensiz jahonni na qilay,
Tanda mehring yonmasa, behuda jonni na qilay?
Tark etib oromu sabring menga baxt berding mudom,
Ham jigarporam deya, chekding alamlar subhu shom.
Toza qalbing bo‘ldi qancha-qancha qayg‘ularga jom,
Sendan o‘rgandim buyuk imlo bila shirin kalom,
Onajon, ka’bam o‘zing, sensiz jahonni na qilay,
Etmasa nomingni yod o‘tkir zabonni na qilay?!
Mehribon, mushfiq, murabbiy, buncha beozorsan,
Jonajon, munis, azizam, shodligimga yorsan.
Xasta bo‘lsam, jonga darmon, har sahar bedorsan.
Gar yiroq ketsam tunu kun izlarimga zorsan,
Onajon, o‘g‘ling dedi: sensiz jahonni na qilay?
Bo‘lmasang boshimda sen, bu oshyonni na qilay?!
Bora-bora
Izlab gul orazingni, arz ayladim bahora,
Ko‘rsam deya yuzingni ra’no gulida zora.
Vasling xumori bo‘ldim, vasling umidin bog‘lab,
Hajringda yondi jismim, ham bag‘rim pora-pora.
Mushtoq bo‘lganimda o‘tli qarashlaringga
Ko‘rsatdi ko‘z qaroshi oy shu’lada setora.
Tunlarga qiyos etdim kokillaringni, dilbar,
Tunlar yorishdi, ammo sochlar qorayu qora.
Diydor ko‘rishganimda ishqim bayon etolmay,
Termulganimcha qoldim sen yor isi xumora.
Mujgon tig‘ini ot, deb yolvorganimda aytding,
Bo‘lmaydi, jismu zoring o‘rtaydi bora-bora.
Oromu ixtiyorim olding, sanam, shu onda,
Ishqingda yondi Yahyo, yo‘q endi boshqa chora.
Kuylar
Dilbar qo‘lida sozi,
Har pardasida nozi,
Noz uzra ishq rozi,
Ko‘zi xumor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Kuylar ko‘ngil xumorin,
Ham san’atin, bahorin,
Aytib ko‘ngilda borin,
Gulyuz nigor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Atlas libosi gulgun,
Ham qoshiyosi gulgun)
Nozu adosi gulgun,
Mastonavor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Ohangi dilga monand,
Jon pardasiga payvand,
Borini etib band,
Mastonavor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Baxtin etib tarona,
Kuylaydi yona-yona,
Shu dilrabo zamona,
Yahyoga yor kuylar,
Ko‘zi xumor kuylar,
Chertib dutor kuylar.