Urgut erkin iqtisodiy zonasida “Kimchong” farmetsevtika kompaniyasi bilan hamkorikda qo‘shma korxona barpo etiladi
Avval xabar berganimizdek, Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida viloyatimiz ishbilarmonlari va mutasaddi rahbarlaridan iborat delegatsiya Janubiy Koreya Respublikasida faoliyat olib bormoqda, deb yozadi viloyat hokimligi axborot xizmati.
Tashrifning ikkinchi kunida dasturga muvofiq delegatsiyamiz a’zolari Chunbuk va Inchxon erkin iqtisodiy zonalari hamda ushbu iqtisodiy zonalardagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdi.
Shu bilan bir qatorda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya Goyang shahrida Inchxon provinsiyasi hokimi tomonidan rasmiy qabul qilindi. Qabul jarayonida ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, bu borada hokimliklar tomonidan tadbirkor va ishbilarmon uchun yaratiladigan shart-sharoitlar haqida muzokaralar olib borildi.
Kun davomida bir qator memorandum va shartnomalar imzolashga erishildi. Xususan, Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududida “Kimchong” kompaniyasi bilan hamkorlikda farmatsevtika yo‘nalishida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimi hamda Chunbuk va Inchxon erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Delegatsiyamiz Janubiy Koreya Respublikasiga tashrifini 31 may kuni Inchxon provinsiyasining Songdo tumani tadbirkorlari bilan hamda “Koreya-O‘zbekiston biznes markazi”dagi uchrashuvlar bilan yakunlaydi.
Koreya Respublikasiga tashrif davomida erishilgan natijalar haqida navbatdagi nashrlarimizda batafsil ma’lumot beramiz, deyiladi xabarda.