Urgut tumanida saylovlarga tayyorgarlik qanday ketyapti?
Joriy yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirmoqda.
Urgut tumanida ham saylovni yuksak saviyada tashkil etish uchun puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Yangi qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq tumanda parlament quyi palatasiga saylov o‘tkazuvchi 2 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 7 ta, tuman Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 30 ta saylov okrugi, 107 saylov uchastkasi tuzilgan.
– Saylovlar jarayonida aholi bilan bevosita ishlovchi va ovoz berishni tashkil etuvchi organ sifatida uchastka saylov komissiyalari alohida o‘rin tutadi, – deydi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 71-Qoratepa okrug saylov komissiyasi raisi Elyor Po‘latov. – Shu bois ularni tashkil qilish, faoliyatini qonun talablari asosida yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Okrug hududida 53 ta saylov uchastkasi tuzilib, tartib raqami, manzili belgilandi. Zamonaviy binolarda ajratilgan xonalar belgilangan talablar asosida jihozlanib, zarur texnika vositalari – telefon, faks, nusxa ko‘chirish apparati, tegishli adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, belgilangan tartib asosida uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlab oldik. Uchastka saylov komissiyalarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi saylovlarda hududimizda 142 ming 95 nafar saylovchi ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Ahamiyatlisi, ularning 4,5 ming nafardan ortig‘ini ilk bor ovoz beradigan yoshlar tashkil etadi.
Baxtiyor MUSTANOV.