Urgutda 6 millionga giyohvand modda sotgan ikki yigit qamoqqa olindi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilniing 29 noyabr kuni soat 21:00 da Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 23 yoshli Abbos K. Urgut tumani Mirzabog‘lon-Chep mahallasida tadbir ishtirokchisi sifatida jalb qilingan fuqaroga o‘tkir hidli “geroin”  giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani 3 million so‘m va 300 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Tezkor tadbir davomida Abbos K. mazkur giyohvandlik vositasini 2020 yilning 29 noyabr kuni soat 20:30 da mahalladoshi 28 yoshli Abdullo O.dan sotib olganligi hamda tadbir ishtirokchisi bergan 3 million so‘m va 300 AQSh dollarini Abdullo O.ga berganligi aniqlanganligi sababli Abdullo O. shaxsiy tintuv qilinib, undan tadbirda ishlatilgan 300 AQSh dollari va 3 million so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasida Abbos K.dan olingan modda tarkibida giyohvand modda-diatsetilmorfin mavjudligi, bu “geroin” giyohvandlik vositasi turiga kirishi, uning sof og‘irligi 4.27 gramga teng ekanligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Abbos K. va Abdullo O.larga nisbatan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida Abbos K. va Abdullo O.larga nisbatan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.