Urgutda ko‘pkarili to‘y qanday o‘tkaziladi? Nega sunnat to‘ylarni qisqartirishni o‘ylamaymiz?
Ko‘pkarili sunnat to‘y deganim ehhe, so‘ramang. Tushunarli bo‘lishi uchun bu to‘yni tadbirlarini ro‘yxat qilib yozaman.
- To‘ydan kamida o‘n kun oldin "xat yozar" boshlanadi. Bunda uzoq-yaqindagi qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar chaqiriladi. Kamida 30-40 kishi yig‘iladi. Osh damlanadi. "Xat yozdi" ma’rakachasi kamida 2 kun, ko‘pkarilik to‘yda esa 4-5 kunlab davom etadi.
- "Xat yozdi" tugagandan keyin to to‘ygacha har kun 20-30 chog‘lik mehmonlar kelaverishadi. Har kuni 8-10 kg guruch damlanadi.
- To‘ydan 2 kun oldin "Maslahat oshi" bo‘ladi. Bunda qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, tanish-bilishlar va mahalla ahlidan kamida 100 kishi bo‘ladi. 20-30 kg guruch damlanadi.
- To‘ydan 1 kun oldin "Sabzito‘g‘rar" bo‘ladi. Bunda butun mahalla chaqiriladi. Kamida 60-70 kg guruch damlanadi.
- To‘y kuni ertalab nahor oshi beriladi. Hozir eng oddiy to‘ylarda 2-3 qozonda 50-60 kg guruch solib osh damlanadi. Agar to‘y qilayotgan odamning tanish-bilishlari ko‘p bo‘lsa 4 qozon osh damlanadi.
- Agar, to‘y ko‘pkarili bo‘lmay, oddiy bo‘lsa nahor oshidan keyin tushlarda alohida bazm bo‘ladi. Bunda kimdir erkak va ayollarni aralash qilib o‘tkazsa, kimdir ayollarni o‘zini chaqirib o‘tkazadi. Kimdir esa ana shu bazmni erkaklar uchun alohida, ayollar uchun alohida qilib beradi.
Eshitishimga qaraganda, boshqa joylarda bunday to‘ylar bir kunda o‘tib ketarkan. Masalan, Toshkentda sunnat to‘yini yengilgina qilib, ko‘pincha uyga ozroq odam chaqirib aqiqa tarzida o‘tkazib yuborishadi.
Urgut tumanida nega odamlar sunnat to‘yni qisqartirishmaydi? Xalqimiz o‘zgarishi va ma’rakabozlikni kamaytirib, ularga sarflayotgan pullarni bolalarining ta’limiga, oilaning kam-ko‘stiga ishlatishi kerak. Agar ma’rakalarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirmasak, rosa boyib ketsak ham bor pulimizni ma’rakalarga sarflab, shu holimizda o‘tib ketaveramiz.
G‘ayrat Yo‘ldosh.