Urgutda qariyb 1 kilogramm opiyni 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslarga hukm o‘qildi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar, bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yilgan.
Bir guruh shaxslar o‘zaro jinoiy til biriktirib, og‘irligi 966 gramm bo‘lgan «opiy»ni Urgut tumani Jartepa mahallasi hududida R. ismli shaxsga 18 000 AQSh dollariga sotayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan to‘plangan materiallar 2021 yil fevral oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi binosida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, sud sudlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, hukmni e’lon qildi.
Sudlanuvchilarning barchasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topilib, 1994 yilda tug‘ilgan S.M.ga 10 yil 6 oy, 1999 yilda tug‘ilgan M.O‘.ga 11 yil 6 oy, 1993 yilda tug‘ilgan I.P.ga 11 yil, 1996 yilda tug‘ilgan Sh.H.ga 11 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.