Urgutdagi katta muammo — qizlarning erta turmushga berilishi

“Past Darg‘om, Urgut tumanlarida ham qator masalalar mavjud. Bu hududlarda aholi zich joylashgan, kam ta’minlanganlar ham nisbatan ko‘proq. Urgutdagi eng katta muammo qizlarning erta turmushga berilishi. Ayol faqat bola katta qiladi, ro‘zg‘or qiladi, degan tushunchalar davri o‘tdi. Qizlarga zamonaviy bilim berish, o‘qitish, kerak bo‘lsa, kuchli tadbirkor va siyosatchi qilib tayyorlashimiz kerak”, deya kuyunib gapirgan Gavhar Alimova O‘zA muxbiri bilan suhbatda.

Buning uchun hozirgi kunda Urgutda bandlik masalasi ko‘rilmoqda. Trikotaj ishlab chiqarishga mo‘ljallangan inshootlar Payariqda qurildi. Eng og‘ir tumanlar — Qo‘shrabot, Oqdaryo, Ishtixonda katta tikuv sexlari ishga tushirildi. Bu kabi ishlab chiqarish korxonalari yanada ko‘paysa, muammolarni yechish ham osonlashadi.

Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan ham keng hamkorlik qilinmoqda. Misol uchun, Yevropa Ittifoqi, Fransiyaning ACTED gumanitar yordam tashkiloti ko‘magida chekka qishloqlardagi qiynalgan xotin-qizlarga qaytarilmaydigan kredit berish yo‘lga qo‘yildi. Bu pullar ularga qoramol, tikuv mashinasi, sartaroshxona uchun jihozlar, asalari uyalari, issiqxona tashkil qilishiga bemalol yetadi.