Urgutlik 122 yoshli Ulug‘ momo “Shuhrat”li bo‘ldi

Davlatimiz rahbarining shu yil 29 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 100 yoshdan oshgan bir guruh faxriylar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ular orasida Urgut tumani G‘oyib ota qishlog‘ida yashovchi 122 yoshli Ulug‘ momo Olimova ham bor.

Onaxonni qutlash uchun viloyat hokimining o‘rinbosari Bahodir Qodirov va Urgut tumani hokimi Botir Jabborov onaxon yashayotgan xonadonga bordi. B.Qodirov Prezident nomidan momoni tabriklab, uning ko‘ksiga “Shuhrat” medalini taqdi, bayram sovg‘alarini topshirdi. Shuningdek, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘a tuhfa qilindi. 

Onaxon bu e’tibordan ko‘ngli yayrab, duoga qo‘l ochar ekan, eng avvalo, yurtga tinchlik, elga xotirjamlik tiladi.

- Hamisha meni yo‘qlab turadigan davlatimdan aylanay. Biz, keksalarga alohida e’tibor qaratgan Prezidentga rahmat! Viloyat, tuman rahbarlarining yo‘qlovlaridan, mukofotu sovg‘alardan boshim ko‘kka yetdi, – dedi Ulug‘ momo. 

Biz bir muddat onaxonni suhbatga tortdik. Aytishicha, momo o‘ziga qadrli bo‘lgan sandiqda hujjatlarini saqlar ekan. Ulug‘ ayaning sarg‘aygan “Mehnat daftarchasi”ni ko‘rib, olis tarix hayotiga tushib qolganday sezdik o‘zimizni. Unda Ulug‘ Olimova 1917 yilda Urgut tumani “Samarqand” jamoa xo‘jaligida ishchi sifatida mehnat faoliyatini boshlagani qayd etilgan. Onaxon salkam yarim asr davomida hududdagi xo‘jaliklarni tashkil etish jarayonida faol qatnashgan, qishloqni obodonlashtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan.

Onaxon turmush o‘rtog‘i Xudoyberdi bobo Qobilov bilan 6 farzandni voyaga yetkazgan, hozirda 150 nafar nevara, chevara va evaraga bosh. Muhimi, Ulug‘ momo ularning har birining ismini ayta oladi.

Onaxonning fayzli xonadonidan qaytar ekanmiz, Ulug‘ momo yana duoga qo‘l ochdi:

- Hayotimda ikkita mash’um jahon urushini ko‘rdim. Urush – ertak emas, urush – kino emas, urush tufayli qancha yaqinlarimdan ayrildim. Urush insoniyatning qon silqigan, jarohati ming yillar azob beradigan yarasi. Ilohim, u kunlar qaytmasin. Tinchlik va osoyishtaligimizga ko‘z tegmasin, uning qadriga yeting, yurt ravnaqi uchun mehnat qilishdan tolmang!

Urgut tumani hokimligi axborot xizmati.