Urgutlik o‘quvchi dunyoning TOP-200 universitetlariga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilindi

Ashraf O‘rolboyev Urgut tumanidagi 103-sonli umumta’lim maktabini shu yil bitiradi. U dunyoning TOP-200 universitetlariga muddatidan oldin o‘qishga kirdi.
Maktabning iqtidorli va a’lochi o‘quvchisi AQShning 5 ta nufuzli universiteti - Arizona State University, Rowan University, Columbia College Chicago, Western New England University, DePaul Universityga muddatidan oldin Early admission asosida o‘qishga qabul qilindi. E’tiborlisi, bu oliy ta’lim muassasalarining aksariyati QS World University Rankings xalqaro reytingida dunyoning eng yaxshi 200 ta universiteti qatoriga kiradi.
Ushbu universitetlardan Ashraf umumiy hisobda 400 ming AQSh dollaridan ortiq grant (stipendiya) yutib oldi. Bu mablag‘ o‘quv to‘lovlari, turar joy, kitoblar va boshqa zarur xarajatlarni to‘liq qoplash imkonini beradi.
Maktabni oltin medal bilan tugatayotgan A.O‘rolboyevning otasi Farid Safarov shifokor, onasi O‘g‘iloy Qushnazarova shu maktabda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi.
Ashraf maktabni 100 ballik tizimda a’lo baholar bilan yakunlayapti. U shaxmat, taekvondo, MMA va “Zakovat” intellektual klubi kabi turli to‘garaklarda faol ishtirok etgan. U, ayniqsa, nanotexnologiya, muhandislik va innovatsion ilmiy ishlanmalar sohasiga chuqur qiziqadi.
- Bu yutuq orzular sari olib boruvchi yo‘lning boshlanishi. Mening eng katta ilhomim - kelajakda insoniyat hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan texnologiyalar yaratish, - deydi Ashraf.
U ayni paytda o‘ziga taqdim etilgan takliflar orasidan eng mos universitetni tanlash uchun harakatda. Bu yutuq nafaqat Ashraf, balki butun Urgut yoshlari uchun maqsadlar sari ishonch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Abdulaziz Yo‘ldoshev.