Urgutning chekka hududidagi maktabga badiiy kitoblar sovg‘a qilinadigan bo‘ldi

Urgut tumanining eng chekka, chegara hududidagi 119-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari X.Qarshiyev, viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov Qo‘zibek qishlog‘i yoshlari bilan uchrashdi.
Mehmonlar Prezidentimizning Murojaatnomasi haqida to‘xtalib, yoshlarning barkamol voyaga yetishi, sog‘lom fikrli, ilmli, zakovatli bo‘lishlari, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Mudofaa vazirligi hamda viloyat hokimligi ko‘magida mazkur maktab o‘quvchilari uchun 100 dona badiiy adabiyotlar sovg‘a qilinadigan bo‘ldi.
Shuningdek, mutasaddilar Mirzabog‘lon qishlog‘ida yashovchi, 98 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Sherali Nuraliyev, Ispanza qishlog‘ilik 97 yoshli Bo‘ron Gadoyevning xonadoniga borib, bobolar bilan suhbat qurishdi.
Tuman markazidagi 122-umumta’lim maktabiga borgan mehmonlar muassasani tojik tilidagi darsliklar bilan ta’minlash masalalarini o‘rganishdi.