Urug‘chilik sohasida ilg‘or tajriba: Ilm, izlanish va amaliyot uyg‘unligi - dalada!

Kattaqo‘rg‘on tumanida urug‘lik g‘o‘za maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigi hamda urug‘lik don tayyorlashga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlari hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi mas’ul xodimlari, agronom-mutaxassislar, urug‘chilik sohasi faollari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi urug‘lik g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya ishlari sifatini oshirish, urug‘lik donni tayyorlash va saqlash texnologiyalari bilan tanishish, tajriba almashish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Seminar doirasida ishtirokchilar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Kattaming urug‘chilik klaster" MChJ faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda urug‘lik donlarini saralash, tayyorlash va ularni zamonaviy, sovutgichli omborxonalarda saqlash jarayonlari amaliy ravishda namoyish etildi. Xususan, hosil sifati, urug‘ning biologik ko‘rsatkichlari va standart talablarga muvofiqligini baholash jarayonlari mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Seminar doirasida ishtirokchilar tumandagi Mardi Sultonov nomli muqobil MTP hududida joylashgan “Qiyomov Nosir” fermer xo‘jaligid bo‘lib, urug‘lik g‘o‘za maydonida amalga oshirilayotgan dala aprobatsiya ko‘rigi jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda urug‘lik don yetishtirishdagi agrotexnik chora-tadbirlar, zamonaviy yondashuvlar va mexanizatsiyalashgan jarayonlar namoyish etildi. Mutaxassislar fermer va ishchilarga kerakli tavsiya va amaliy ko‘rsatmalarini berdi.

Seminarning ushbu bosqichi sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va almashish hamda yetishtirilayotgan urug‘lik mahsulotining sifatini oshirishga xizmat qiladi.