Urush cho‘ziladigan ko‘rinadi — bugun Donbass uchun ziddiyatning yangi bosqichi boshlangani aytilmoqda

Kechki videomurojaatida Vladimir Zelenskiy urush boshlanganining 54-kun yakunlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina sharqida keng ko‘lamli hujum boshlaganini ma’lum qildi.

"Endi shuni aytish mumkinki, rus qo‘shinlari uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rgan Donbass uchun jang boshladi. Rossiya armiyasining juda muhim qismi hozir ushbu hujumga jamlangan. U yerga qancha askar yo‘naltirilmasin, biz jang qilamiz" degan u.

Ukraina prezident devoni va Milliy xavfsizlik kengashi rossiyaliklarning Lugansk va Donetsk viloyatlaridagi barcha aloqa chizig‘i bo‘ylab mudofaani yorib o‘tishga urinishlari haqida gapirmoqda.

Harbiy harakatlar natijasida qariyb 100 milliard dollarlik infratuzilmaning 20-30 foizgacha qismi shikastlangan yoki vayron qilingan, deya xabar beradi «Reuters» Ukraina infratuzilma vaziriga tayanib.

Ukraina bosh prokuraturasi: Xarkovga yangi zarba qilindi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘ldi, Lvov va Dnepr ham o‘qqa tutildi.

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk Rossiya hukumatiga «Azovstal» hududidan shoshilinch gumanitar koridor ochish talabi bilan murojaat qildi.

Unga ko‘ra, 17 apreldan beri Ukraina bo‘ylab birorta ham gumanitar yo‘laklar ishlamayapti.