Urush davrida ne kunlarni ko‘rmadik - koronavirus balosini ham yengamiz
Men birinchi sinfni 1941 yilda tamomladim. Yoz vaqti edi, maktabimiz direktori Maryam Bekboyeva uyimizga kelib, onam rahmatli bilan suhbatlashdi.
- Barotning Oqsoy tog‘ida ochilgan pionerlar lagerida dam olib kelishi uchun ruxsatingizni olgani keldim, - dedi Maryam opa.
- Hali Barotjon kichkinaku, zerikib qolmasmikan? – dedi onam.
- U yerga rayonimiz bo‘yicha ko‘p bolalar boradi, uch mahal ovqat beradi, o‘ynab, hordiq chiqarib keladi.
Onam rozi bo‘ldi hamda bir dona ko‘rpacha va bir dona yostiqni tugunga bog‘lab berdi. Kolxoz tomonidan tashkil etilgan ot aravaga to‘rt nafar bolalar o‘tirdik. Ular orasida eng yoshi men. Qolganlari 5-6 sinflarda o‘qiydigan katta bolalar. Aravamiz so‘qmoq, chang-tuproq yo‘l yurib manzilga olib borib qo‘ydi.
Ko‘rpa-yostiqlarni ko‘tarib lager joylashgan yerga yetib bordik. Lager bir kishining chorvog‘ida joylashgan ekan. Atrofi bo‘yra bilan to‘silgan edi. Uyimizdan olib borgan ko‘rpachalarimizni yerga tashadik. U yerda na karavot, na gilam bor. Stol-stuldan darak yo‘q, ovqatlanish ham yerda, idish tovoqlarni ham o‘zimiz yuvamiz, ovqatni o‘zimiz olib kelib yeymiz, shu yerdagi suvdan ichamiz va cho‘milamiz. Kechasi chiroq, ko‘ngil ochadigan tadbirlar, kitob o‘qish uchun imkoniyat yo‘q. Uch-to‘rt kun shu ahvolda kunlarni o‘tkazdik. Zerikkanimizdan keyin katta bolalar qochib ketishga harakat qilardi. Lagerning qorovuli bolalarni ot bilan quvib, qaytarib kelardi.
Bir marta Hazrati Dovud g‘origa sayohat tashkil qilindi. Tog‘ning tepasiga chiqish uchun yo‘l yo‘q. Toshlarni oralab chiqib, g‘orni tomosha qildik, g‘or qorong‘i, hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi. G‘ordan tushish vaqtida bir bola jarohatlandi. Shundan keyin sayohatga chiqish ham to‘xtadi. Jarohatlangan bolani davolash uchun dori-darmon yo‘q edi. Shu ahvolda 10 kunni chidam bilan o‘tkazdik. Sho‘ro hukumatining biz yosh pionerlarga “g‘amxo‘r”ligi mana shunday yakunlangan edi.
1941 yil 21 iyun kuni pioner lagerining direktori barchamizni to‘plab mamlakatimizga nemis bosqinchilari hujum qilganligini aytib berdi. Barcha bolalar uyga ketishga yo‘lga chiqdi. Yo‘l esa uzoq, chang, tuproq. Biz turadigan qishloqqa 45-50 kilometr edi. Yo‘lda charchab, och qolib, yig‘lab, ming bir mashaqqat bilan uyga yetib keldik. Onam eshikda kelishimni kutib turgan ekan, meni bag‘riga bosib yig‘ladi. Ahvolimni ko‘rgan onam «seni lagerga yubormay men o‘lay», deb o‘zini koyir, endi akangning ahvoli nima bo‘lar ekan, deb qayg‘u alamlar bilan o‘zini to‘xtata olmasdi.
Urush bizning bolaligimizni, yoshligimizni o‘g‘irladi, sindirdi, bolalik baxtidan mahrum qildi.
Akamiz Belarussiya chegarasida xizmat qilardi. Urushgacha uch-to‘rt marta xat yozgan edi. Shundan keyin xat-xabar bo‘lmadi. Otam bilan onamning qayg‘usiga biz farzandlar chiday olmasdik. Kolxozdagi mehnatning og‘irligi ularni qiynardi, otam ham, onam ham kasalmand bo‘lib qoldi. Otamiz bu musibatga chiday olmay, 1943 yil to‘satdan vafot etdi. Qishloqdagi barcha erkaklar urushga ketganligi sababli, otamni qabristonga olib borib qo‘yish uchun to‘rt-besh kishi to‘planib, janozasini o‘qishdi. Bu kabi ishlar ham biz kabi bolalarga qolgan edi.
Maktabimizning hovlisida radio karnay o‘rnatildi. Urush voqealari Levitan, Qodir Maxsumov tomonidan o‘qib eshittirilardi.
Akamiz dushman bilan yuzma-yuz kelib, qon to‘kib, jon bergan. Urush ortidagi qiyinchiliklarni va mashaqqatlarni so‘z bilan ifoda etish qiyin edi. Barcha yigitlar urushga ketgan. Qishloqdagi ishlar xotin-qizlar va bizga o‘xshagan yosh bolalarga qoldi. Urushga ketganlar uchun ham ishlash kerak, degan talab hukm surardi.
Kolxozning ishi yilning o‘n ikki oyida ham tamom bo‘lmasdi. Urush davrida O‘zbekistonda lavlagi ekildi. Uning mehnati ham paxtanikidan kam emasdi. Lekin xalqimiz lavlagini pishirib yeb, o‘limdan qoldi. Odamlar o‘t, kunjara yedi, bir burda non insondan aziz bo‘ldi. Mamlakatimizda qahatchilik, kasalchilik avjiga chiqdi, ko‘pchilik bolalar qizamiq, ich burma, chechak, tif kasalliklariga mubtalo bo‘lib, bevaqt olamdan o‘tib ketdi.
Urush tufayli yigitlarimiz yor visoliga yetolmadi, qiz-juvonlarimiz esa kelin libosini kiya olmadi, onalar o‘z farzandlarini kutaverib horib-charchadi, kasalmand bo‘lib qoldi. Urush halqimizning qalbini bir umrga jarohatladi. Bu jarohat mana 75 yil davomida ham bitgani yo‘q.
Urush davrida O‘zbekistonga fashistlar tomonidan bosib olingan yurtlardan ko‘p odamlar ko‘chirildi. Ularga o‘zbek xalqi uylaridan joy berdi, bir burda nonni ular bilan baham ko‘rdi. Belarussiyadan, Ukrainadan odamlar ko‘chirildi - Qrim tatarlari, mesxeti turklar va Rossiyadan ruslar, ayniqsa, urush bo‘lgan joylardan yetim qolgan bolalar O‘zbekistonga keltirildi.
Urush o‘zbek xalqining boshiga ko‘p kulfatlar soldi. O‘zbekistondan bir million besh yuz ming kishi unda qatnashdi. Bulardan to‘rt yuz ming kishi mayib-majruh bo‘lib qaytdi. Urush dunyoda ellik million kishining yostig‘ini quritdi. Tarixda urushlar ko‘p bo‘lgan, lekin Ikkinchi jahon urushidek qiyin bo‘lgan emas.
Urush tufayli har bir xonadon o‘zining eng yaqin kishilaridan - otasidan, akasidan va boshqa yaqinlaridan ajralib qoldi.
Allohga shukur, urush g‘alaba bilan tugadi. 9-may - Xotira va qadrlash kuni, deb nishonlanadigan bo‘ldi. Urushdan keyin maktablarda o‘qish boshlandi. Yalangoyoq, yalangbosh, yirtiq-yamoq kiyimlarda maktabga qatnadik. Na kitob, na daftar bor. Yarim kun maktabda o‘qiymiz, yarim kun kolxozda ishlaymiz. Urush ortida qilgan ushbu xizmatlar uchun men ham «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandim.
Mana, yillar o‘tdi, mehnatimiz qadrlandi. Davlatimiz tomonidan bergan imtiyozlardan foydalanib, keksalik gashtini surib yashayapmiz.
Shu narsani ham unutmasligimiz lozimki, sho‘ro hukumati tomonidan olib borilgan shovinistik, ateistik siyosat ham fashistlar tomonidan olib borilgan bosqinchilik siyosatidan kam bo‘lgani yo‘q. Mamlakatni kollektivlashtirish, mol-mulklarni tortib olish, yer egalarini (1930-1933-yillari) surgun qilish, otib o‘ldirish, ayniqsa, 1937-1938 yillar «xalq dushmanlari» tamg‘asi ostida qatag‘on qilish, keyingi davrlarda esa «paxta ishi”, “o‘zbek ishi», deb 1980 yillar O‘zbekistondan yetishib chiqqan barcha rahbarlarning badnom qilinishini tarix hech qachon unutmaydi. O‘zbek xalqi xizmatga tuxmat olgan edi.
Bularning barchasi orqada qoldi, O‘zbekiston suveren, erkin, mustaqil davlat bo‘lib dunyoni zabt etmoqda. Buning uchun Yaratganga behisob shukronalar qilamiz, Yangi O‘zbekistonni qurish va yaratishda undan madad so‘raymiz.
Urush - bu vayrongarchilik, kasalchilik, qadrsizlik, ochlik, horlik, boshpanasizlik, muhtojlik, qashshoqlik. Shuning uchun, tinchlik Allohning ne’mati, uning qadriga yetish va asrash barcha erksevar xalqlarning muqaddas burchi bo‘lib qolmoqda.
Urush bizdan qancha uzoqlashgan sari uning jarohati tobora yaqqol namoyon bo‘layotir. Bu haqda qanchadan-qancha asarlar, kitoblar, kinofilmlar yaratilmoqda. Lekin bu hali oz.
Gollandiya konslagerlarida saqlangan 101 nafar o‘zbek mahbuslarini bir necha kun och, ovqat bermasdan qiynagan fashistlar tajriba o‘tkazish uchun ularga bir “buxanka” non tashlaydi. Lekin o‘zbek mahbuslari nonni 101 bo‘lakka bo‘lib taqsimlaydi, baham ko‘radi.
Gitlerning yaloqxo‘ri Gibbles «Bular qanday xalq, bularni otib tashlanglar», deb buyruq bergan ekan. Xalqimiz azaldan bir mayizni 40 kishi bo‘lib yegan. Buni Gollandiya konslagerlarida saqlangan o‘zbek mahbuslari isbotladi. O‘zbeklar naqadar chidamli, bardoshli, insofli xalq ekanligini fashistlar o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, qoyil qolgan ekan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo Respublikalari o‘rtasida birdamlik, hamkorlik o‘rnatish tashabbusini bugun dunyo xalqlari qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayniqsa, keyingi vaqtlarda qo‘shni Afg‘onistonda barqaror tinchlikni o‘rnatish uchun olib borayotgan xayrli ishlari barcha erksevar xalqlar uchun namunadir. Afg‘oniston xalqiga qilinayotgan gumanitar yordamlar buning yaqqol isbotidir.
Tinchlikni saqlash va uning qadriga yetish har bir iymonli kishining muqaddas burchi. Yangi O‘zbekistonni yaratish va uni yanada obod qilish hozirgi yoshlarimizning maqsadi bo‘lib qolishi kerak.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining adog‘i yo‘q. Shahar va qishloqlarimiz obod va ko‘rkam bo‘lmoqda, xalqimiz tinch-farovon hayotning nashidasini surib yashamoqda. Xalqimiz orzu qilgan hur zamonga yetib keldik. Endigi vazifa - Yangi O‘zbekistonni yaratish, dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olish, tinchlikni yanada mustahkamlash va uning qadriga yetish, yoshlarimizni iymonli, e’tiqodli, vatanparvar qilib tarbiyalash.
Bugun mamlakatimiz katta sinovni boshidan o‘tkazmoqda. Dunyoga tarqalgan koronavirus kasalligi bizni ham chetlab o‘tmadi. Xalqimiz birdam bo‘lib, bu kasallikka qarshi kurashmoqda. Mamlakatimizda e’lon qilingan chora-tadbirlar barchamizni sabr-bardoshli bo‘lishga undamoqda. Keksalarimiz bu dardni xalqimiz boshidan soqit qilishini Allohdan so‘ramoqda.
Keksa avlod vakillari urush davrida ne kunlarni ko‘rmadi - ochlik, qahatchiliklarni o‘z boshidan kechirgandi. Nasib etsa, bu balolar ham orqada qoladi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishini yaratgan Allohdan so‘raymiz.
Barot AMIROV,
«Shahidlar xotirasi» xayriya fondi Past Darg‘om tumani bo‘limi raisi, mehnat faxriysi.