USAID huquqshunos o‘qituvchilar uchun gender tenglik bo‘yicha trening tashkil etdi

USAIDning Huquqiy islohotlar dasturi tomonidan O‘zbekistonning barcha hududlaridagi 14 ta yuridik kollejda o‘tkazilgan “Gender tengligi va ta’limda gender yondashuvini qo‘llash” mavzusidagi treningda o‘qituvchilar fanlarni o‘qitishda gender tengligi yondashuvini joriy etish bo‘yicha savodxonliklarini oshirdi.

- Trening ishtirokchilari mamlakatimizda gender tengligini ta’minlashning huquqiy asoslari, gender ta’limning dolzarbligi va bu boradagi ilg‘or xalqaro tajribaga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar, - deydi Samarqand yuridik kollejida tashkil etilgan seminar-treningda kollej direktori o‘rinbosari Jamshid Otaqulov. - Shuningdek, o‘qituvchilar gender stereotiplari, ayollarni kamsitish va ularning huquqlari buzilishiga qarshi kurash usullari bilan yaqindan tanishib, fanlarni o‘qitishda gender nuqtai nazaridan yondashuv va strategiyalarni birgalikda muhokama qilish va ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

USAIDning huquqiy islohotlar dasturi O‘zbekistonda qonun ustuvorligini yanada rivojlantirish, huquqshunos mutaxassislar va o‘quv muassasalarining salohiyatini oshirish, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkonini kengaytirish, gender tenglikni rag‘batlantirish borasidagi sa’y-xarakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.