«Ushbu kunlar biz uchun har qachongidan-da sinovli bo‘ladi» — Maxsus komissiya aholiga murojaat qildi

Muhtaram Vatandoshlar!

Avvalambor, barchangizni yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi bilan chin yurakdan samimiy tabriklaymiz.

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va ommaviy sayillar o‘tkazishni, shuningdek, bog‘ va ko‘ngilochar maydonchalarda konsert dasturlari tashkil etishni, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida mushakbozliklarni cheklashni talab qilmoqda. Shuning uchun ushbu ulug‘ sanani ko‘proq oila davrasida nishonlashni tashkil etish maqsadga muvofiq, degan qarorga keldik.

Besh oydan ortiq vaqt davomida davlatimiz rahbarining topshiriqlari va ko‘rsatmalariga muvofiq bu xatarni imkon qadar kam talafot bilan yengib o‘tish uchun barcha zarur choralarni ko‘rib kelmoqdamiz.

Ko‘rilgan samarali chora-tadbirlar hamda tibbiyot hodimlarining fidokorona xizmatlari natijasida bugungi kunga kelib O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan jami 40 mingdan oshiq fuqarolarimizning qariyb 38 mingga yaqini yoki 93 foizi sog‘aydi. 2700 dan ziyod bemorni davolash va oilasi bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda, ularni sanitariya normalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish kerakligini alohida ta’kidlamoqchimiz.

Ushbu kunlar biz uchun har qachongidan-da sinovli bo‘ladi. Ko‘rilayotgan choralar qanchalik natija berishi tez orada ayon bo‘ladi.

Shu munosabat bilan har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemiologik talablarga so‘zsiz amal qilishga odatlanishimiz kerak.