Usmon Azim: - Samarqand, ildizing qayerda?..
Bugun tug‘ilgan kun
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim 1950 yil 13 avgustda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tavallud topgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan. Ilk kitobi — «Insonni tushunish». Shuningdek, «Holat», «Oqibat», «Ko‘zgu», «Surat parchalari», «Dars», «Ikkinchi aprel», «Baxshiyona», «G‘aroyib ajdarho», «Uyg‘onish azobi», «G‘ussa», «Uzun tun», «Saylanma», «Kuz» kabi she’riy va «Jodu» nomli nasriy to‘plamlari nashr etilgan. U «Bir qadam yo‘l», «Alpomishning kaytishi» dramalari va bir qancha filmlar ssenariysi muallifi hamdir. Pol Elyuar, V.Vatsiyetis, K.Dog‘larja, A.Voznesenskiy, Yu.Marsinkyavichyus va boshqa shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Gruziyaning Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofoti hamda «Do‘stlik» ordeni sohibi bo‘lgan.
SAMARQAND BO‘YLAB TUNGI SAYR
Xurshid Davronga
- Samarqand, ildizing qayerda?
Kechangni chiroqlar parchalab tashlagan,
tun bilan nur o‘rtasida
uzun arvohlar —
minoralar ketib borar
kelajak sari,
ba’zan
oyga boqib
to‘xtab qolishar
(azon sasi urildimi quloqlarga?)
Zinalaringdan
choponiga o‘ralgan
so‘fi emas,
men o‘rlab borayapman
falak
peshtoqiga
va yerga boqib notinch shivirlayman:
- Samarqand, ildizing qayerda?
Mador bo‘lgin endi umidlarimga,
mening to‘rt ming yillik bog‘im!
Bir yaprog‘ingman:
yo‘qotgim kelmaydi ildizlarimni.
Ana, osmonning qurboni - shahid rasadxona,
ana, tarixning ko‘milgan beshigi, - Afrosiyob...
Necha asr bo‘ldi o‘shanga?
- Tuproq, qani,
yoril!
Samarqand, ildizing qayerda?
Yulduzlar orasida kelajak yo‘li,
Zamon poyezdini
qalbim,
hormay tort!
Va bitta vagonga
bobolar ruhini,
qayg‘u alamini,
shavkat-shonini,
ushalmagan orzusini ort!
Bu kimlar?
Qaydaman?
Registon, senmi?
Nechun senga kelsam,
ko‘ksimni to‘ldirar jumlai jahon?
Balki anov moviy gumbaz tagida yotgan,
bobolarim
armonining
shamolidir bu?
Ammo ovozlar chiqar zamin qa’ridan:
- Men, - deydi (Spitamen, senmisan?).
- Men, - deydi (Ulug‘bek, senmi?),
- Biz, - deydi guvillab bir lashkar -
kelajakka ergashib kelar
sarbadorlar!
- Samarqand, ildizing...
Savol ortiqcha...
Tegramda men bilan o‘ylanib,
men bilan qiynalib,
ildizga aylanib borar bir kecha.